O‘zbekiston va Rossiya katta quvvatli AES qurish loyihasi istiqbollarini muhokama qildi, deya xabar bermoqda O‘zatom agentligi matbuot xizmati.
24−25 mart kunlari O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev Rossiyaning Rosatom davlat korporatsiyasi bosh direktorining birinchi o‘rinbosari, Atomstroyeksport prezidenti Andrey Petrov bilan kichik quvvatli atom stansiyasini (KQAES) qurish loyihasi bo‘yicha ishlarni tashkil etish, yadro yoqilg‘isini yetkazib berish va ekspluatatsiya xodimlarini tayyorlash masalalarini muhokama qildi.
Shuningdek, kun tartibiga yirik atom elektr stansiyasi qurilishi loyihasi kiritilgan. Bu loyiha doirasida stansiyaning “obyekt hududida” joylashuvi tahlil qilinadi, hamda energetika infratuzilmasining barqaror rivojlanishini ta’minlashga qaratilgan texnik va strategik jihatlar baholanadi.
Tezkor shtabning asosiy maqsadi KQAES loyihasi bo‘yicha joriy rivojlanishni baholash, birinchi navbatdagi bosqichlarning bajarilishini nazorat qilish hamda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasida tinch atom sohasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlash uchun strategik qarorlar ishlab chiqishdan iborat bo‘ldi.
O‘zatom hozirda kichik AES loyihasi loyihalash bosqichida ekanligini, shuningdek, loyiha hujjatlarini ishlab chiqish va keyinchalik respublikaning vakolatli organlarida ekspertizadan o‘tkazish uchun zarur bo‘lgan muhandislik izlanishlari olib borilayotganini ta’kidladi.
2024-yil oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov atom elektr stansiyasi qurilishi kichik quvvatli reaktorlardan boshlanishini, biroq O‘zbekistonga “baribir yirik reaktor kerak"ligini, bu 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40%ga yetkazish rejalari bilan bog‘liqligini aytdi.
Yaqinda bergan intervyusida O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonga elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplash uchun katta quvvatli to‘rtta AES kerak, degan fikrga qo‘shildi.
“Biz har yili ko‘radigan tendensiyalar va iste’mol hajmini hisobga olgan holda, ha, bularning barchasi uchun katta atom elektr stansiyalarini qurish kerak,” — deya xulosa qildi Axmedxo‘jayev.
O‘zbekistonda kichik AES qurilishi
Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.
Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.
Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.
Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.
Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.
O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.
Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.