Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergandi. Istiqbolli sohalardagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash uchun $100 mln ajratish rejalashtirilmoqda.
Shuningdek, prezident 2026-yil boshidan o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan faoliyat turlari, ishlar va xizmatlarning yangi ro‘yxatini tasdiqladi. Ushbu ro‘yxat 72 bandni o‘z ichiga oladi — bu hozirgi tahrirdan 33 taga kamdir.
Ro‘yxatdan quyidagilar chiqarib tashlanadi:
- chakana savdo;
- sartaroshlik va kosmetologiya xizmatlari;
- foto va video suratga olish;
- qandolatchilik mahsulotlari;
- salatlar va tuzlamalar, ichimliklar tayyorlash;
- gidlik xizmatlari;
- kopirayting, tarjimonlik;
- rieltorlik xizmatlar;
- avtotransport vositalarini ta’mirlash;
- yog‘och o‘ymakorligi;
- taqinchoqlar va attorlik buyumlari ishlab chiqarish;
- repetitorlik va to‘garaklar olib borish hamda boshqa ayrim faoliyat turlari.
To‘liq yangilangan ro‘yxat bu yerda tanishish mumkin.
Shu bilan birga, unga marketpleyslarda tovarlar va xizmatlarni sotish, shuningdek, nomoddiy madaniy meros obyektlarini saqlash kiritiladi. O‘zini o‘zi band qilganlarga hayvonlardan faqat tovuq boqishga ruxsat beriladi.
Qanday qilib o‘zini o‘zi band qilish mumkin? Batafsil ma’lumot bu yerda.
Avvalroq Spot taksichilik o‘zini o‘zi band qilganlar shug‘ullanadigan faoliyat ro‘yxatiga kiritilgani haqida yozgandi.
Buning uchun tashuvchilar har yili litsenziya rasmiylashtirishi, tibbiy ko‘rikdan o‘tishi va avtotransportni texnik ko‘rikdan o‘tkazishi kerak.
Shuningdek, O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 4,6 mln nafardan oshgani haqida xabar berilgandi.
Birgina yanvar oyida o‘zini o‘zi band qilganlar soni 142 ming kishiga oshgan.
Qayd etilishicha, fuqarolar eng ko‘p maishiy xizmatlar, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hamda axborot-kommunikatsiya sohalarida o‘zini o‘zi band qilgan.