Shahrisabz aeroporti faoliyatini tikladi. Bu haqda Uzbekistan Airports matbuot xizmati xabar berdi.

26-mart kuni Shahrisabz aeroporti ikki haftalik tanaffusdan so‘ng muntazam yo‘lovchi qatnovlarini qabul qilishni boshladi.

Havo qatnovini “Silk Avia” kompaniyasining US721 reysi ochdi. Samolyot mahalliy vaqt bilan soat 11:17 da Shahrisabz aeroportiga qo‘ndi.

Aeroport 13-mart kuni 1983-yildan beri foydalanilib kelinayotgan uchish-qo‘nish yo‘lagida kapital ta’mirlash ishlari amalga oshirish uchun yopilgandi. Xususan, havo kemalarining qo‘nishi va uchishi xavfsizligini ta’minlash uchun qurilish ishlari olib borilishi belgilangan edi.

Uning doirasida 1554 m uzunlikdagi uchish-qo‘nish yo‘lagi yuzasini almashtirish va mustahkamlash rejalashtirilgan. Shu bilan birga, yurish yo‘lagining ustki qatlami ham ta’mirlanadi.

2023-yilning oktabrida Shavkat Mirziyoyev raisligida Qashqadaryoni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘tgan yig‘ilishda Shahrisabz aeroportida fuqaro aviatsiyasi yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilindi.

2024-yilning sentabriga kelib, aeroport 20 yildan so‘ng fuqaro aviatsiyasi parvozlari uchun ochildi. Xususan, “Silk Avia” Toshkent-Shahrisabz yo‘nalishida muntazam parvozlarni yo‘lga qo‘ydi.


Avvalroq Spot Andijon aeroporti qariyb ikki yilda birinchi marta parvozlarni qabul qilishni boshlashi haqida yozgandi.

20-martdan Silk Avia aviakompaniyasi Toshkent va Andijon o‘rtasida muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ymoqda. Aviareyslar haftasiga ikki marta — seshanba va payshanba kunlari amalga oshiriladi.