Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergandi. Hujjatda “chempion tadbirkorlar"ni rivojlantirish choralari belgilangan.
Shuningdek, prezident 1-maydan boshlab 20 ta tumanda sanoatni jadal rivojlantirish bo‘yicha loyiha ofislarini ochish bo‘yicha topshiriq berdi.
Ularning faoliyati Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzurida tashkil etiladigan Sanoatni rivojlantirish bosh loyiha ofisi tomonidan muvofiqlashtiriladi.
Loyiha ofislari kichik va o‘rta biznes subyektlariga maslahat xizmatlarini ko‘rsatadi. Ular korxonalarga ham mahalliy, ham xorijdan muhandis, texnolog, dizayner, marketolog va boshqa malakali mutaxassislarni jalb qiladi.
Har bir loyiha ofisiga o‘z tumanida 10 tadan drayver loyiha va 5 tadan milliy brend mahsulotlarini ishga tushirish vazifasi qo‘yilmoqda. Kichik va o‘rta biznesda ishlab chiqarish va eksport hajmini kamida 1,5 barobar oshirish maqsad qilingan.
Loyiha ofislari faoliyatini moliyalashtirish va xorijiy mutaxassislarni jalb qilish uchun 2025-yilda 100 mlrd so‘m ajratiladi. Yana 500 mlrd so‘m drayver loyihalarni infratuzilma bilan ta’minlashga yo‘naltiriladi.
1-iyuldan boshlab yuqori texnologiyali mahsulotlar ishlab chiqaruvchi tadbirkorlar 10 ming kvadrat metrgacha davlat ko‘chmas mulkini bepul foydalanishga olishlari mumkin. Binolar loyiha ofislari tavsiyasiga ko‘ra 5 yilgacha muddatga ajratiladi.
15 ta shahar va tumanlarda ilgari davlat organlari tomonidan foydalanilgan binolarda kichik va o‘rta biznesni joylashtirish dasturi amalga oshiriladi. Buning uchun mahalliy hokimliklar va davlat idoralari namunaviy loyihalar asosida quriladigan ko‘p qavatli uylarga joylashtiriladi.
Yangi binolarning birinchi ikki qavati tadbirkorlarga mulk huquqi asosida topshiriladi. Ko‘chib ketish natijasida bo‘shagan ko‘chmas mulk obyektlari biznes loyihalarni amalga oshirish maqsadida onlayn-auksionga qo‘yiladi.
Avvalroq Spot 2025-yildan O‘zbekistonda ko‘chmas mulkni ommaviy baholashdan o‘tkazish boshlanishi haqida yozgandi.
Bu bosqichma-bosqich amalga oshirilib, dastlab Toshkentda sinovdan o‘tkaziladi. Ushbu tizim ko‘chmas mulk obyektlarining bozor narxiga yaqin qiymatini aniqlashga qaratilgan.