Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 19-mart kuni kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergandi. Hujjatda istiqbolli tarmoqlardagi startaplarni qo‘llab-quvvatlash choralari belgilangan.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Innovatsion rivojlanish agentligi, UzVC venchur fondi, Biznesni rivojlantirish banki va Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasiga venchur fondlari bilan birgalikda 2026-yil yakuniga qadar kamida 200 ta startap loyihasini amalga oshirishni ta’minlash topshirildi.

Bunda quyidagi yo‘nalishlardagi tashabbuslarga ustuvorlik beriladi:

  • iqtisodiyotda sun’iy intellekt, blokcheyn, “katta ma’lumotlar” (big data), raqamli texnologiyalardan amaliy foydalanish;
  • “yashil” texnologiyalar, energiya tejamkorligi, qayta tiklanadigan resurslar;
  • innovatsiyalar va “aqlli” yechimlarga asoslangan tibbiy xizmatlar;
  • muqobil energetika yordamida uy-joylar, ijtimoiy obyektlar va davlat muassasalarini isitish va sovutish;
  • suvni tejash, suv xo‘jaligida “aqlli” texnologiyalar, maishiy ehtiyojlar uchun ishlatilgan suvni qayta ishlash;
  • yer hosildorligini oshirish, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish (desalinatsiya), meliorativ holatni yaxshilash va irrigatsiyadagi muammolarni hal etish;
  • suv ta’minoti qiyin bo‘lgan hududlar uchun qurg‘oqchil iqlimga moslashgan o‘simliklarni yetishtirish.

Prezident davlat xaridlari tizimida startaplar tomonidan yaratilgan yangi turdagi mahsulot va xizmatlarni sotishni yo‘lga qo‘yish vazifasini qo‘ydi. Buning uchun ularni tezkorlik bilan texnik reglamentlar va standartlarga kiritish talab etiladi.

Iyun oyi oxirigacha UzVC qoshida startap loyihalarni muvofiqlashtirish markazi tashkil etiladi. Shuningdek, Milliy venchur jamg‘armasiga startaplar ekotizimini rivojlantirish va ularni qo‘llab-quvvatlash uchun to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar kiritishga ruxsat beriladi.

Markaziy bankka banklar bilan birgalikda 2026-yil oxirigacha yil boshida tashkil etilgan United Ventures va SQB Ventures jamg‘armalari orqali startaplarga $50 mln ajratilishini ta’minlash topshirildi.

Iqtisodiyot va moliya vazirligi va davlat banklari aprel oyiga qadar ushbu maqsadlar uchun xorijdan yana $50 mln jalb qilishi kerak bo‘ladi.


Avvalroq Spot 2024-yilda O‘zbekistonda venchur bitimlari hajmi qariyb uch barobar oshgani haqida yozgandi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, mamlakatda yangi venchur fondlari va biznes farishtalari klublari faol tashkil etilmoqda.