Ilon Maskning xAI kompaniyasi tomonidan yaratilgan Grok chat-botidan endi Telegramda ham foydalanish mumkin. Bu haqda Mask X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilib, sun’iy intellekt bilan o‘zaro hamkorlikning yangi kanali ishga tushirilganini tasdiqladi.
Telegram Premium obunasi bo‘lgan foydalanuvchilar GrokAI’ga kirish huquqiga ega bo‘lishdi — ular uchun xizmat bepul bo‘ladi.
Bot Grok 3'ning so‘nggi modeli asosida ishlaydi. Biroq, ishlab chiquvchilarning aniqlik kiritishicha, Telegram-versiyada Think (mantiqiy mulohazalar uchun) va DeepSearch (manbalarni chuqur tahlil qilish) funksiyalari bo‘lmaydi. Bu imkoniyatlar Grok mahalliy ilovasi va X platformasi uchun eksklyuziv bo‘lib qoladi.
Dastlabki foydalanuvchilar Telegramda botning paydo bo‘lganini 20-martdayoq sezishgan, ammo ularning bir qismi tizimga kirishdagi muammolar va so‘rovlarga javob kelmagani haqida shikoyat qilishgan — bu ehtimol, ortiqcha yuklanish tufayli yuz bergan. Ilgari ta’kidlanganidek, Grokning Telegram versiyasi javob berishda qisman cheklangan bo‘lishi mumkin.
https://twitter.com/elonmusk/status/1904838704838905908
Grok — Ilon Mask va uning xAI kompaniyasi tomonidan yaratilgan sun’iy intellektga ega aqlli chatbot. U 2023-yilda ChatGPT kabi boshqa mashhur sun’iy intellektga muqobil sifatida paydo bo‘ldi. Grok savollarga javob berishi, yangiliklarni sharhlashi va real vaqt rejimida ma’lumot qidirishi mumkin.
Maskning so‘zlariga ko‘ra, Grok an’anaviy sun’iy intellekt botlariga qaraganda ko‘proq “erkin” va ochiq javoblar berish va “dunyoning haqiqiy manzarasini” yaxshiroq aks ettirish uchun mo‘ljallangan.
Bot kompaniyaning o‘z ma’lumotlari asosida o‘qitilgan va yangi ma’lumotlardan foydalanish uchun X platformasiga ulanishi mumkin. Mask, shuningdek, Grok kelajakda TruthGPT tizimining bir qismiga aylanishini ta’kidladi — uning so‘zlariga ko‘ra, bu “maksimal darajada halol sun’iy intellekt” bo‘ladi.
Avvalroq Spot Telegramda yanada ko‘proq reklamalar paydo bo‘lishi haqida yozgandi.
Ma’lum qilinishicha, tez orada messenjerda reklama nafaqat kanallarda, balki qidiruv natijalarida ham ko‘rsatiladi.