O‘zbekiston va Avstriya tashkiliy mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni rasmiylashtirmoqchi. Bu haqda Migratsiya agentligi ma’lum qildi.

Agentlik rahbari Behzod Musayev tashqi va ichki ishlar vazirliklari vakillari bilan birgalikda muzokaralar olib borish uchun Avstriyaga tashrif buyurdi.

Xorijiy ishchilar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish masalasi Avstriya Ichki ishlar vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi, Mehnat va iqtisodiyot vazirligi hamda Ta’lim, fan va tadqiqotlar vazirligi bilan muhokama qilindi.

Tomonlar migratsiya sohasida hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqishga kelishib oldilar. Hujjat o‘zbekistonliklarni Avstriyada yuqori maoshli ish o‘rinlariga joylashtirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun asos bo‘ladi.

Shuningdek, O‘zbekiston delegatsiyasi Avstriya Federal savdo-sanoat palatasi (WKO) direktori o‘rinbosari Astrid Fixl-Pummer bilan uchrashdi. Muzokaralarning asosiy mavzusi o‘zbekistonlik mutaxassislarni Avstriya kompaniyalariga ishga jalb qilish bo‘ldi.

Qayd etilishicha, ushbu palata joriy yilning aprel oyida O‘zbekistonda vakolatxona ochadigan bo‘ldi.

Ochilish marosimiga Avstriyadan yirik ish beruvchilarni taklif qilgan holda “Mehnat forumi"ni ham Toshkentda tashkil qilishga kelishib olindi.

Mart oyi boshida Shavkat Mirziyoyev Germaniya bilan mehnat migratsiyasi to‘g‘risidagi bitimni tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qildi.

2024-yil sentabr oyida kansler Olaf Sholsning O‘zbekistonga tashrifi doirasida imzolangan hujjat o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Germaniyaga kirishni soddalashtiradi.


Avvalroq Spot o‘zbekistonlik hamshiralar AQShdagi ishlarga jalb qilinishi mumkinligi haqida yozgandi.

MDH va qo‘shni davlatlarda yagona bo‘lgan hamshiralarni test sinovlariga tayyorlash va imtihon markazini tashkil etish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.