Buxoroning yangi xalqaro aeroporti 2026-yil oxirigacha qurilishi rejalashtirilgan. Bu haqda 20-mart kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Uzbekistan Airports raisi Javlonbek Umarxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Gazeta.uz muxbiri.

Umarxo‘jayevning ma’lum qilishicha, davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan Buxoro shahridagi yangi aeroport loyihasining texnik-iqtisodiy asosi (TIA) ishlab chiqilgan. Hozir hujjat ikki vazirlik tomonidan kelishuv bosqichida. Joriy yilning aprel oyi oxiri — may oyi boshida loyihaning texnik-iqtisodiy asoslari tasdiqlanishi kutilmoqda, dedi u.

“Buxoroda yangi joyda qurilish-montaj ishlarini boshlab yubordik. Aeroport Buxoroning janubiy qismida joylashgan. Buni ekologik loyiha, ekologik aeroport deyish mumkin. U yerda [aholini] hech qanday ko‘chirish, hech qanday [daraxtlarni] kesish, atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi tadbirlar yo‘q. Ya’ni bu „greenfield project“ (noldan loyiha — Spot izohi)”, — dedi Uzbekistan Airports rahbari.

Umarxo‘jayevning so‘zlariga ko‘ra, Buxorodagi yangi aeroport qurilishi yakunlanishi va obyekt 2026-yil oxirida foydalanishga topshirilishi kutilmoqda.

Buxoroda yangi aeroport qurilishi

2024-yil boshida prezident raisligida o‘tkazilgan aviatsiya sohasidagi davlat korxonalari transformatsiyasi bo‘yicha taqdimotda Buxoro, Namangan, Urganch va Andijon aeroportlarini modernizatsiya qilish va xususiy boshqaruvga o‘tkazish rejalari ma’lum qilindi.

May oyi oxirida Transport vaziri Ilhom Mahkamov davlat rahbariga viloyatning Buxoro tumanida qurilishi rejalashtirilgan yangi xalqaro aeroport loyihasini taqdim etdi. Umumiy qiymati $226 mln bo‘lgan loyiha DXSh asosida amalga oshiriladi.

Prezidentning avgustdagi tegishli qarori bilan Transport vazirligi, Uzbekistan Airports, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Buxoro viloyati hokimligiga Buxoro xalqaro aeroportini qurish hamda boshqaruvga berish bo‘yicha 2024-yilning to‘rtinchi choragida loyiha bitimini imzolash topshirildi.

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Spot bilan suhbatda loyiha “greenfield project” — yangi hududni o‘zlashtirishni nazarda tutushini ma’lum qildi. Aeroportni “yangi minishahar deyish mumkin”, dedi u.

Oktabr oyi boshida Shavkat Mirziyoyev Buxoro xalqaro aeroporti qurilishiga oid taqdimot bilan tanishdi. Bosh planga ko‘ra, shahar markazidan 26 km uzoqlikda joylashgan yangi aeroport hududi 307 gektarni tashkil etadi. Yangi terminal soatiga 1 200, yiliga esa 3 mlndan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, loyihada xorijiy standartlar qo‘llanilib, uning doirasida aeroportda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatish tashkil etiladi: savdo, oziq-ovqat va “duty free” nuqtalari bo‘ladi.

Avvalroq Shahrisabz aeroporti 26-martdan faoliyatini tiklagani haqida xabar berilgandi. Aeroport ikki haftalik tanaffusdan so‘ng muntazam yo‘lovchi qatnovlarini qabul qilishni boshladi.