Prezident Shavkat Mirziyoyev 26-mart kuni energiya resurslarini iqtisod qilish, iste’mol samaradorligini oshirish hamda ulardan oqilona foydalanish chora-tadbirlari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazdi.

Qayd etilishicha, 2030-yilga borib, mamlakat aholisi 41 mlnga yetishi, iqtisodiyot 2 karra o‘sishi kutilmoqda. Bu energiya resurslariga bo‘lgan talabni hozirgidan 1,5 karra oshiradi.

Shuning uchun yangi loyihalarni ishga tushirib, quvvatni ko‘paytirish bilan birga energiyani tejash choralarini ko‘rish zarurligi ta’kidlandi.

Prezident ko‘rsatmasiga muvofiq, o‘tgan yilgi tajribani davom ettirib, joylarda energiyani tejash imkoniyatlari olimlar ishtirokida ilmiy asosda o‘rganilmoqda.

Xususan, Samarqand, Sirdaryo va Jizzaxdagi o‘rganishlarda 870 mln kilovatt soat elektr va 420 mln kub metr gazni iqtisod qilish yangi imkoniyatlari aniqlandi.

Masalan, bu viloyatlardagi kichik va o‘rta sanoat korxonalarida 35 mingga yaqin eskirgan uskunalarni tejamkoriga almashtirib, yiliga 385 mln kilovatt soat elektr va 50 mln kub metr gaz tejash mumkin.

Tuman va mahallarda energiyani iqtisod qilish bo‘yicha imkoniyatlar juda ko‘p. Masalan, 300 ta mahallada 100 megavattli kichik quyosh stansiyalari barpo qilib, shu yilning o‘zida 45 mln kub metr gaz tejasa bo‘ladi.

Bundan tashqari, kanal va soylarda quriladigan mingdan ziyod mikro GESlar hisobiga qo‘shimcha 175 mln kilovatt soat elektr ishlab chiqariladi.

Ko‘chalarni yoritishga ham yiliga 200 mln kilovatt elektr sarflanayapti. Quyosh panelli chiroqlar o‘rnatilsa, iste’mol 2 karra kamayadi.

Shu kabi imkoniyatlar hisobidan, bu yil 1,1 mlr kub metr tabiiy gaz va 2,6 mlrd kilovatt soat elektrni iqtisod qilish bo‘yicha qo‘shimcha reja olindi.

Davlat rahbari, birinchi navbatda, yirik sanoat korxonalarida zamonaviy tejamkor uskunalar o‘rnatish, energiya isrofini kamaytirish zarurligini ta’kidladi. Hukumatga bu sohada yangicha ijro va nazorat tizimida ishlash topshirildi.

Ishxonalar va uy-joylarda energiyani tejash madaniyatini oshirish ham muhim. Elektr va gazni behudaga yoqib qo‘ymaslik, quyosh panellari va boshqa muqobil manbalardan foydalanish ham ancha hajmni tejaydi.

Farg‘ona vodiysi viloyatlarida aholi zich joylashganini hisobga olib, ularni energiya bilan ta’minlashda alohida yondashuv ishlab chiqish vazifasi qo‘yildi. Bu tajriba bosqichma-bosqich boshqa hududlarda ham joriy etilishi ko‘zda tutilmoqda.

28-yanvar kuni Shavkat Mirziyoyev “resurs tejamkor iqtisodiyot modeli"ga o‘tish zarurligini ta’kidladi. Hukumatga energiya samaradorligi hisobiga xarajatlarni 15−20% gacha qisqartirish va qo‘shilgan qiymatni ko‘paytirishga qaratilgan dastur ishlab chiqish bo‘yicha topshiriq berdi.

Fevral oyida yirik sanoat korxonalari uchun energiya iste’moli me’yorlari belgilanishi ma’lum bo‘ldi. O‘z navbatida, iste’molchilarni Yaponiya tajribasiga asoslanib energiya tejash asoslariga o‘rgatish rejalashtirilmoqda.


Avvalroq Spot O‘zatom va Rosatom O‘zbekistonda katta AES qurilishi istiqbollarini muhokama qilgani haqida yozgandi. Tomonlar uning joylashuvini tahlil qilib, loyihaning texnik va strategik jihatlarini baholadilar.