2025-yilning yanvar-fevral oylarida O‘zbekistonda neft va gaz qazib olish, shuningdek, benzin va dizel ishlab chiqarish kamayishda davom etdi, deya xabar bermoqda Milliy statistika qo‘mitasi.
Dastlabki ikki oyda neft qazib olish hajmi 105,8 ming tonnani tashkil etib, 2024-yilning mos davriga nisbatan 10,72%ga kamaygan. Natijada avtomobil benzini ishlab chiqarish 21,44%ga tushib ketdi — 190 ming tonnadan kam (2023-yil bilan taqqoslaganda, pasayish 28%dan oshadi).
Tabiiy gaz qazib olish hajmi 4,26%ga kamayib, 7,37 mlrd kub metrni tashkil etdi (2023-yilga nisbatan 9,6% pasayish kuzatildi). Bu ko‘rsatkich 2023-yildan beri muntazam ravishda pasayib bormoqda. Shuningdek, gaz kondensati ishlab chiqarish hajmi ham qariyb 10,3%ga qisqarib, 192,6 ming tonnaga tushdi.
Eng sezilarli pasayish dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarishda kuzatildi. U deyarli 40%ga — 123,1 ming tonnadan 74,5 ming tonnagacha keskin tushib ketdi. Shu vaziyatda Raqobat qo‘mitasi 26-fevraldan boshlab fermerlarni ekish mavsumida qo‘llab-quvvatlash maqsadida birjada dizel narxining yuqori chegarasini o‘rnatdi.
Shu bilan birga, ko‘mir qazib olishda ijobiy o‘zgarish qayd etildi. 2025-yil boshidan beri 733,8 ming tonnadan ortiq ko‘mir qazib olindi (11,35% o‘sish).
Bundan tashqari, elektr energiyasi ishlab chiqarish hajmi 3,42%ga — 14,55 mlrd kVt/soatdan 14,06 mlrd kVt/soatgacha kamaydi. Yirik korxonalarda elektr energiyasi ishlab chiqarish 17,34 foizga (11,15 mlrd kVt/soatgacha) qisqardi.
Bu qisman “yashil” energetika nazarda tutilgan kichik biznes subyektlari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi hajmining deyarli uch barobarga (2,9 mlrd kVt/soatgacha) oshishi bilan qoplandi.
Shuningdek, issiqlik energiyasi ishlab chiqarish hajmi ham 5%dan ko‘proqqa — 5,64 mln Gkalgacha pasaydi.
Avvalroq Spot prezident yirik sanoat korxonalarida energiya isrofini kamaytirish bo‘yicha topshiriq bergani haqida yozgandi.
Farg‘ona vodiysi uchun energiya resurslarini ta’minlashga alohida yondashuv ishlab chiqilib, u boshqa hududlarda ham joriy etiladi.