Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-mart kuni iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini takomillashtirishga oid taqdimot bilan tanishdi.

Ta’lim berish tizimini rivojlantirish maqsadida shu maqsadda joriy yil sentabrdan xalqaro maktab faoliyatini yo‘lga qo‘yish rejalashtirilmoqda. Bunga dastlab 8-sinf bitiruvchilari orasidan eng iqtidorli 60 nafar o‘g‘il-qiz saralab olinadi.

Ta’lim dasturi xalqaro andoza asosida 3 qismdan — asosiy fanlar, ixtisoslik fanlari, yetakchilik va ijtimoiy faollikni o‘rgatuvchi fanlardan iborat bo‘ladi. O‘quv yili 3 davrga bo‘linib, 11 oy davom etadi.

Prezidentning yana bir tashabbusiga muvofiq, yoshlarimizni Amerikaning “Pechak ligasi” (The Ivy League) universitetlariga tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Buning uchun 6 bosqichli Milliy dastur qabul qilinadi. Bu yil dastlab 3 ming nafar o‘quvchi saralab olinadi. Ularga Prezident va ixtisoslashgan maktablardan 208 nafar maslahatchi biriktiriladi.

O‘quvchilar Renessans oromgohida yil davomida 3 haftalik intensiv o‘quv kurslarda o‘qitiladi. Yaxshi natija ko‘rsatgan 40 nafari “Pechak ligasi” universitetlariga tajriba almashish uchun yuboriladi.

Keyingi muhim masala — chet elda o‘qigan yoshlarni mamlakatda o‘z sohasi bo‘yicha munosib ish bilan ta’minlash. Bu borada “Mamlakat oltin fondi hamjamiyati"ni tuzish taklif etilmoqda.

U orqali iqtidorli yoshlar yagona platformada birlashtiriladi. Xorijda ta’lim olib qaytganlar uchun imtiyozlar, grantlar, startap dasturlari va boshqa imkoniyatlar yaratiladi.

Har yili 25-mayda hamjamiyat qurultoyi o‘tkazilib, unda ta’lim islohotlari, iqtidorli yoshlar uchun yaratilgan imkoniyatlar, chet el oliygohlari tajribasi kabi mavzularda muloqot yo‘lga qo‘yiladi.

Davlat rahbari bu takliflarni ma’qullab, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlashni tizimli yo‘lga qo‘yish zarurligini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, bugungi kunda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali 750 nafar vatandoshimiz xorijda o‘qiyapti.

Prezident mutasaddilarga yoshlar uchun bu imkoniyatlarni yanada oshirish, jamg‘arma faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.