27-mart kuni Shavkat Mirziyoyevga mamlakatda atom energetikasini rivojlantirishga qaratilgan vazifalar ijrosining borishi to‘g‘risida axborot berildi.

Mamlakatimda energetika sohasida ko‘plab loyihalar amalga oshirilgani natijasida oxirgi besh yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 30% ko‘payib, 81,5 mlrd kilovatt soatga yetdi.

Oshib borayotgan talabni qondirish uchun qayta tiklanadigan energiya manbalari ham faol rivojlantirilmoqda. Uning generatsiyadagi ulushi 16%ga yetib, o‘tgan yili 3,2 gigavattli qo‘shimcha quvvat yaratildi.

2035-yilda yurtimizda elektr iste’moli 121 mlrd kilovatt soat bo‘lishi hisob-kitob qilingan. Shu bois energetikani barcha yo‘nalishlarda rivojlantirish choralari ko‘rilmoqda.

Xususan, 2030-yilga borib, jami generatsiyada “yashil” energiya ulushini 50%dan oshirish rejalashtirilgan.

Uzoq muddatda atom enegriyasi bazaviy manbalardan biriga aylanishi ko‘zda tutilgan.

Hozirgi kunda kichik quvvatli atom elektr stansiyasi qurish loyihasi ustida ish olib borilmoqda. Uni amalga oshirish imkoniyatlarini muhokama qilish hamda “yo‘l xaritasi” tayyorlash maqsadida ishchi guruhlarning uchrashuvlari o‘tkazildi.

Xalqaro atom energiyasi agentligi bilan 2025−2027-yillarga mo‘ljallangan Qo‘shma harakatlar rejasi ishlab chiqildi. Bo‘lajak stansiya qurilishining har bir bosqichi — loyihalashtirishdan to bitgunga qadar Xalqaro atom energiyasi agentligining qat’iy nazorati ostida bo‘ladi, jahonning eng ilg‘or tajribalari va xavfsizlik talablari tatbiq etiladi.

Yig‘ilishda mutasaddilar loyihaning borishi, hamkorlar bilan muzokaralar yuzasidan axborot berdi. Ruxsatnomalar olish va moliyalashtirish masalalari, shuningdek, katta quvvatli atom elektr stansiyasining texnik-iqtisodiy jihatlari hamda uni barpo etish rejalari ko‘rib chiqildi.

2024-yil oktabr oyida energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov atom elektr stansiyasi qurilishi kichik quvvatli reaktorlardan boshlanishini, biroq O‘zbekistonga “baribir yirik reaktor kerak"ligini, bu 2030-yilga borib qayta tiklanuvchi energiya manbalari ulushini 40%ga yetkazish rejalari bilan bog‘liqligini aytdi.

Yaqinda bergan intervyusida O‘zatom direktori Azim Axmedxo‘jayev O‘zbekistonga elektr energiyasiga bo‘lgan talabni qoplash uchun katta quvvatli to‘rtta AES kerak, degan fikrga qo‘shildi.

“Biz har yili ko‘radigan tendensiyalar va iste’mol hajmini hisobga olgan holda, ha, bularning barchasi uchun katta atom elektr stansiyalarini qurish kerak,” — deya xulosa qildi Axmedxo‘jayev.

O‘zbekistonda kichik AES qurilishi

Joriy yilning 27-may kuni O‘zatom va Rosatom kam quvvatli AES qurish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Loyiha Rossiya ishlanmasi — RITM-200N bosimli suv reaktoriga asoslangan. RITM-200N reaktorining issiqlik quvvati — 190 MVt, elektr quvvati — 55 MVt, xizmat muddati — 60 yilgacha.

Atom energiyasi agentligi matbuot xizmati Spot’ga kam quvvatli AESning birinchi reaktorini ishga tushirish besh yildan keyinga mo‘ljallanganini ma’lum qildi.

Shavkat Mirziyoyev OAVga bergan bayonotida dunyoda deyarli barcha davlatlar energetik xavfsizlik va barqaror rivojlanishni atom energetikasi hisobiga ta’minlashini, O‘zbekiston uran zaxiralarini uchinchi davlatlarga eksport qilayotgan mamlakat sifatida loyiha hayotiy ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

Iyun oyi oxirlarida AES loyihasi bo‘yicha dastlabki ishlar boshlandi. Unda Jizzax viloyatidagi belgilangan maydonda amalga oshiriladigan birinchi qurilish shtabi joylashtirilib, rejalashtirilgan muddatda ishlarni boshlash bo‘yicha vazifalar belgilab olingandi.

Sentabr oyida O‘zatom va Rosatom o‘rtasida kam quvvatli AES qurilishi bo‘yicha ishlarni boshlash to‘g‘risida bayonnoma imzolandi. Hujjat qurilish maydonchasida tayyorlov ishlari, loyihalashtirish hujjatlarini ishlab chiqish hamda litsenziyalash bosqichiga o‘tishni nazarda tutadi.

O‘zatom huzuridagi AES qurilishi direksiyasi direktori Otabek Amanov Jizzaxdagi kichik AESning yordamchi obyektlarini qurishga xalqaro kompaniyalar, xususan, turbinalar uskunalar, generatorlar va quruq gradirnyalarni yetkazib berish uchun jalb qilinishi mumkinligini qayd etdi.

Joriy yilning fevral oyida Azim Axmedxo‘jayev birinchi marta turli xorijiy tuzilmalarni jalb qilgan holda kichik AESni qurish uchun “xalqaro konsorsium” tuzish rejalari haqida ma’lum qildi. Rossiya texnologiyalari bilan bir qatorda Xitoyning yadroviy bo‘lmagan texnologiyalari, shuningdek, Yevropaning dasturiy ta’minoti va apparat komplekslarini qo‘llash rejalashtirilgan.