O‘zbekiston elchixonasida Polshaning “Mobilis” kompaniyasi boshqaruv raisi Lukash Tshaska bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Dunyo axborot agentligi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekiston fuqarolarini xorijda ish bilan ta’minlash va yangi mehnat bozorlarini ochish masalalari ko‘rib childi.
Polsha vakiliga Migratsiya agentligining faoliyati haqida ma’lumot berildi. Lukash Tshaska O‘zbekistonning qonuniy migratsiya yo‘nalishidagi islohotlarini yuqori baholadi.
Uning aytishicha, Polsha bozorida haydovchilarga bo‘lgan talab oshib bormoqda. Shu sababli kompaniya mazkur bo‘sh o‘rinlarga O‘zbekiston fuqarolarini jalb qilishga qiziqayotganini bildirdi.
Uchrashuv yakunida Polsha Jamoat transportlari savdo-sanoat palatasi a’zolaridan iborat missiyaning O‘zbekistonga safarini amalga oshirish, tajriba loyihasi sifatida O‘zbekistondan 300 kishini avtobus haydovchisi lavozimiga jalb qilish, “Mobilis” kompaniyasining O‘zbekistonda ofisini ochish va boshqalar xususida kelishib olindi.
“Mobilis” Polshadagi eng yirik jamoat transporti operatorlaridan biri sanaladi. Kompaniya Polshaning Bidgosh, Krakov va Varshava shaharlarining jamoat transporti tizimi doirasida yo‘lovchi tashish xizmatlarini ko‘rsatadi.
Davlat shartnomalari asosida har kuni 200 mingdan ortiq yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatilmoqda. Korxonada 1000 dan ortiq avtobus haydovchilari ishlaydi.
Avvalroq Spot Rossiya kompaniyasi o‘zbekistonlik haydovchilarni ishga jalb qilishni rejalashtirayotgani haqida yozgandi.
Bundan tashqari, fuqarolarni Oltoy o‘lkasidagi qurilish, sanoat, qishloq xo‘jaligi hamda savdo sohalaridagi ishlarga qamrab olish imkoniyati ko‘rib chiqilmoqda.