26-mart kuni davlat rahbariga avtomobil yo‘llari qurish loyihalarining borishi to‘g‘risida axborot berildi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Mamlakatda jami 184 ming kilometrdan ziyod avtomobil yo‘li bor. Tahlillarga ko‘ra, xalqaro ahamiyatga ega yo‘llarning 25%i katta yuklamada ishlayapti. Masalan, kuniga 32 ming avtomobilga mo‘ljallangan Toshkent-Samarqand yo‘lida 45 mingta transport qatnaydi. Tirbandlik sababli bunga 6 soatgacha vaqt ketadi. 2030-yilga borib harakat jadalligi 80 mingdan oshishi mumkin.
Jahon banki ishtirokida Toshkent-Andijon yo‘li loyihalashtirildi. Yanvarda uni qurish bo‘yicha xalqaro tender e’lon qilindi. Qisqa vaqtda unga 30 dan ortiq nufuzli xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi.
Umumiy uzunligi 314 km bo‘lgan tezyurar magistral foydalanishga topshirilishi natijasida Toshkent bilan Andijon orasidagi qatnov vaqti 5 soatdan 3 soatgacha qisqarishi, YIM 2,6% ga oshishi, avtohalokatlar esa 40% ga kamayishi kutilmoqda.
Yana bir loyiha Toshkent bilan Samarqandni bog‘lovchi qo‘shimcha yo‘l qurishga qaratilgan. Xorijiy mutaxassislar ishtirokida uning texnik-iqtisodiy asoslari ishlab chiqilgan. Bu yo‘lning uzunligi 300 km atrofida bo‘ladi. Qatnov vaqti 4,5 soatdan 2,5 soatgacha qisqaradi. Mavjud yo‘lda tirbandlik ancha kamayadi.
Yangi yo‘llar barcha talablarga javob berishi, muqobil va qulay bo‘lishi kutilmoqda. Haydovchi va yo‘lovchilar uchun turli pullik xizmatlar yo‘lga qo‘yiladi. Bunyodkorlik jarayonida esa mahalliy qurilish korxonalari qatnashishi mumkin bo‘ladi.
Transport vaziri Ilhom Mahkamov mazkur loyihalar holati bo‘yicha taqdimot qildi. Geodeziya ishlarini jadallashtirib, yo‘llar hududini tayyorlash, qurilishga mablag‘ va pudratchilarni jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi.
Vazir fevral oyida ushbu pullik yo‘llar qurilishi 2025-yilda boshlanishini ma’lum qilgandi. Toshkent-Samarqand yo‘li bo‘yicha ham tender boshlanishi belgilangan. Prezident barcha tender jarayonlarini qoidalar asosida, ortiqcha vaqt sarfisiz olib borishni hamda qurilish ishlarini tezroq boshlashni topshirdi.
O‘zbekistonda pulli yo‘l
2023-yilning iyulida Toshkent-Samarqand pulli yo‘li bo‘yicha texnik-iqtisodiy asoslashni ishlab chiqish borasida Turkiyaning Proyapi Mühendislik ve Müşavirlik A.Ş kompaniyasi jalb qilindi.
Yil yakunida loyiha Avstriyaning ILF Consulting Engineers Austria GmbH kompaniyasi tomonidan ishlab chiqildi. Loyihaning asosiy texnik-iqtisodiy asos hujjatini ishlab chiqishga YTTB tomonidan 1,5 mln yevro miqdoridagi mablag‘lar ajratilgan.
2023-yil oxirigacha Toshkent-Andijon pulli avtomobil yo‘li qurilishi boshlanishi kerak edi. O‘shanda loyiha $2,5 mlrdga baholangan. Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev 2024-yilning iyun oyi oxirigacha bu pullik yo‘lning TIA ishlari yakunlanishini, uning qiymati $4,65 mlrdni tashkil etishini ma’lum qilgandi.
O‘tgan yilning avgust oyida qabul qilingan prezident qarori bilan Toshkent-Samarqand yo‘li qurilishini 2024-yilning dekabrida, Toshkent-Andijon yo‘lini esa 2026-yilda boshlash belgilangandi.
Toshkent-Samarqand pulli yo‘lining umumiy uzunligi 305 kmni, qiymati esa $2,2 mlrdni tashkil etadi. Yo‘l Toshkent, Sirdaryo, Jizzax hamda Samarqand viloyatlarini qamrab oladi. Uning boshqaruvi 2028-yilning dekabrigacha DXSh asosida xususiy operatorga beriladi.
314 km uzunlikdagi Toshkent-Andijon yo‘lining 64%i yangidan qurilishi, 36%i esa rekonstruksiya qilinishi kutilmoqda. I-a kategoriyasidagi yo‘l 6 qatordan iborat bo‘lib, uning qurilish muddati 6 yildan ortiqni tashkil etadi.
Oktabr oyida davlat rahbari har ikkala pullik avtomobil yo‘llari loyihalarini tezlashtirishni topshirib, ularni qatnov darajasi yuqori bo‘lgan uchastkalarda qurish zarurligini qayd etgandi.
Avvalroq Meridiam investitsiya kompaniyasi Toshkent-Andijon pullik yo‘li qurilishida ishtirok etishga qiziqish bildirgani haqida xabar berilgandi.