AQSh prezidenti Donald Tramp avtomobillar importiga 25%lik bojlar joriy etilishini ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Bloomberg nashri.
Gap AQShda ishlab chiqarilmaydigan barcha mashinalar haqida ketmoqda, deya aniqlik kiritdi Tramp. Tariflar 2-apreldan kuchga kiradi. Tramp ma’muriyati bu AQShga yiliga $100 mlrd daromad keltirishini kutmoqda.
Trampning qarori fonida General Motors va Ford Motor kompaniyalari aksiyalari 5%dan ko‘proqqa arzonlashdi.
Prezident avtomobil ishlab chiqaruvchilarning “katta uchligi” — Ford, General Motors va Stellantis vakillari bilan yangi boj to‘lovlari haqida suhbatlashganini ma’lum qildi.
“Agar bu yerda zavodlaringiz bo‘lmasa, ularni qurishingizga to‘g‘ri keladi, chunki aks holda boj to‘lashga majbur bo‘lasiz. Hammasi juda oddiy”, dedi Tramp.
Uning aytishicha, “katta uchlik"ning ko‘pchilik kompaniyalari allaqachon AQShda zavodlarga ega va shuningdek, ehtiyot qismlarni ishlab chiqarish bo‘linmalarini mamlakatga qaytarish niyatidalar.
Oq uy matbuot kotibining birinchi o‘rinbosari Xarrison Filds aniqlik kiritishicha, import qilinadigan yengil avtomobillar (sedanlar, yo‘ltanlamaslar, krossoverlar, minivenlar, furgonlar) va yengil yuk mashinalariga, shuningdek, dvigatellar, transmissiyalar va elektr komponentlari kabi asosiy avtomobil qismlariga 25%lik boj solinishini ma’lum qildi.
Kanada Bosh vaziri Mark Karni Trampning qarorini “to‘g‘ridan-to‘g‘ri hujum” deb baholadi. Uning aytishicha, Ottava javob choralarini, shu jumladan, ehtimoliy qarshi bojlarni ko‘rib chiqadi.
Yevropa Komissiyasi raisi Ursula fon der Lyayen yangi tariflar yuzasidan afsuslanishini bildirdi. U “Yevropa Ittifoqi o‘z iqtisodiy manfaatlarini himoya qilgan holda, muzokaralar orqali yechim izlashni davom ettiradi,” deya ta’kidladi.
Avvalroq Spot dunyoning eng boy besh odami Trampning inauguratsiyasidan keyin $209 mlrd yo‘qotgani haqida yozgandi.
Birgina Tesla aksiyalari sotuvlar prognozining pasayishi tufayli 2020-yildan beri eng katta pasayishni boshdan kechirdi.