Samarqandda ichimlik va oqova suv narxlari oshiriladi
Xalq deputatlari viloyat kengashi qarori bilan ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv xizmatlari uchun narxlar tasdiqlandi.
Unga ko‘ra, bir metr kub ichimlik suvi narxi quyidagicha belgilanadi:
- aholi uchun — 2 800 so‘m;
- budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 6 700 so‘m.
Oqova suvi xizmati uchun:
- aholi uchun — 1 900 so‘m;
- budjet tashkilotlari va ulgurji iste’molchilar uchun — 5 300 so‘m.
Bunda narxlar QQSsiz hisoblangan.
Farg‘onada maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish narxlari oshiriladi
Xalq deputatlari Farg‘ona viloyati kengashining 20-martdagi tariflarni qayta ko‘rib chiqishga doir qarori bilan viloyat hududlarida maishiy chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish bo‘yicha xizmat ko‘rsatish uchun majburiy to‘lov tariflari tasdiqlandi.
Aholi (har bir kishi) uchun bir oylik to‘lov miqdorlari (QQS bilan) shahar hududida 7500 so‘m (ilgari 5600 so‘m), tumanlarda 6500 so‘m (ilgari 4480 so‘m) ni tashkil etadi
Budjet va xo‘jalik tashkilotlari uchun narx 1 metr kubga QQS bilan 112 650 so‘m, QQSsiz esa 100 580 so‘m qilib belgilanmoqda.
Eksklyuziv huquqlar uch yilgacha beriladi
Eksklyuziv huquq xo‘jalik yurituvchilarga qonunlar va prezident farmoni hamda qarorlari bilan 3 yildan ortiq bo‘lmagan muddatga beriladi.
Ularga bu huquq konstitutsiyaviy tuzumni, aholi sog‘lig‘ini, O‘zbekiston mudofaa qobiliyatini, davlat va jamoat xavfsizligini hamda jamoat tartibini ta’minlash, shuningdek, tabiiy ofatlar, halokatlar va epidemiyalarning oldini olish hamda ularni bartaraf etish maqsadlari uchun taqdim etiladi.
Quyidagi xo‘jalik yurituvchilarning faoliyat yo‘nalishlari bo‘yicha eksklyuziv huquqlari bekor qilinadi:
- “O‘zbekekspertiza” va uning hududiy bo‘linmalarining xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi korxonalar tomonidan o‘z ishlab chiqarish ehtiyojlari uchun olib kelinayotgan mol-mulkka sertifikat berish bo‘yicha;
- “O‘zInjiniring” loyiha institutining investitsiya loyihalarining loyihaoldi va loyiha hujjatlarini ishlab chiqish bo‘yicha;
- “Milliy PR-markazi"ning O‘zbekiston turizm salohiyatini targ‘ib qilishga yo‘naltirilgan xorijiy kompaniyalarning prodyuserlik va reklama xizmatlarini, xorijiy teleradiokompaniyalar va boshqa ommaviy axborot vositalarining reklamalari, reportajlari va boshqa roliklarini tayyorlash va translyatsiya qilish bo‘yicha;
- “Sag agro MTP"ning yong‘oq ishlab chiqaruvchilarga agrotexnik tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha mexanizatsiya xizmatlarini ko‘rsatish bo‘yicha;
- “O‘zbekiston standartlar instituti” davlat muassasasining milliy standartlarni shartnoma asosida boshqa tillarga tarjima qilish bo‘yicha.
Soliq tekshiruvlari yangi tartibda amalga oshiriladi
Soliq organlari xodimlari tomonidan ularga biriktirilgan korxonalar yoki mahallalardagi tadbirkorlar faoliyatidagi tekshiruvlar yangi tartibda amalga oshiriladi.
Bunda soliqqa oid huquqbuzarlik birinchi marta aniqlanganda ogohlantirish beriladi. Uch kunda u bartaraf etilmasa yoki takroran sodir etilsa, bu sayyor soliq tekshiruvi o‘tkazishga asos bo‘ladi.
Sayyor soliq tekshiruvi 24 soat ichida “Yagona davlat nazorati” axborot tizimida ro‘yxatga olish orqali Biznes-ombudsmanni xabardor etgan holda amalga oshirishga ruxsat beriladi.
Uning natijalari bo‘yicha rasmiylashtirilgan dalolatnoma qaror qabul qilishga asos bo‘ladi. Tekshiruvlar quyidagi huquqbuzarliklar bo‘yicha o‘tkaziladi:
- nazorat-kassa texnikasini yoki hisob-kitob terminallarini qo‘llash tartibini buzish;
- mehnat faoliyatini amalga oshiruvchi xodimlarni hamda mehnatga haq to‘lash fondini soliq hisobotida aks ettirmaslik;
- yer maydonlaridan hujjatlarsiz yoxud unga bo‘lgan huquqni tasdiqlovchi hujjatlarda ko‘rsatilganidan kattaroq hajmda foydalanish;
- foydali qazilmalarni noqonuniy qazib olish yoki qazilmalar hajmini soliq hisobotida to‘liq aks ettirmaslik.
Hududlarda investor kunlari o‘tkaziladi
Prezidentning yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish va bandligini ta’minlashga qaratilgan qaror bilan 1-apreligacha “Yosh tadbirkorlar” raqamli platformasi joriy etilishi belgilangan.
1-apreldan har oyda 1 ta hududda “investor kun"lari tashkil etiladi hamda hududdagi OTMlar bilan hamkorlik dasturlari yo‘lga qo‘yiladi.
Shuningdek, yil yakunigacha akseleratsiya va inkubatsiya dasturlarini muvaffaqiyatli yakunlagan startaplar sonini 200 taga yetkazish ko‘zlangan.
Nogironligi bo‘lgan bolalarga ijtimoiy transport xizmati ko‘rsatiladi
Nogironligi bo‘lgan shaxslar va tayanch harakatida muammolari bo‘lgan bolalar uchun ijtimoiy obyektlar va ta’lim muassasalariga borishda ijtimoiy transport xizmati ko‘rsatiladi.
Xizmat 1-apreldan sinov tarzida Toshkent, Andijon va Samarqand shaharlarida, yil oxirigacha barcha hududlarda bosqichma-bosqich joriy etiladi.
Loyiha doirasida transport xizmatlari quyidagi ta’lim tashkilotlarida ko‘rish va harakatlanish bilan bog‘liq kasalliklarga chalingan bolalarga ko‘rsatiladi:
- ixtisoslashtirilgan maktab, maktab-internatlari va ulardagi “G‘amxo‘rlik” guruhlarida,
- umumta’lim maktablarining inklyuziv sinflarida;
- reabilitatsiya markaziga ega davlat ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan bog‘cha.
Ushbu xizmatdan foydalanganlik uchun quyidagicha subsidiya beriladi:
- har bir yo‘lovchiga — oyiga BHMning 1,2 baravari miqdorida;
- Ijtimoiy himoya yagona reyestri yoki Kam ta’minlangan oilalar reyestriga kiritilgan oilalardagi yo‘lovchilarga — har bir qatnov to‘lovining 100%i;
- boshqa oilalardagi yo‘lovchilar uchun — har bir qatnov to‘lovining 60%i.
Subsidiya shaklidagi to‘lovlar agentlikning Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
Ijtimoiy kartalardan foydalanish imkoniyati kengaytiriladi
Toshkent shahri va Toshkent viloyatining Yangiyo‘l tumanida “Ijtimoiy karta"lar sinov tarzida joriy etila boshlandi.
1-apreldan homiladorlik va tug‘ish nafaqasi, “Saxovat va ko‘mak”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari” jamg‘armalari hisobidan to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar ijtimoiy kartalar orqali taqdim etiladi.
Shu bilan birga, ushbu kartadan transport kartasi sifatida foydalanish mumkin bo‘ladi. Bunda jamoat transportida imtiyozli yoki bepul foydalanish huquqiga ega bo‘lganlar uchun belgilangan imtiyozli tarif amal qiladi, unga ega bo‘lmaganlarga bu amal qilmaydi.
Sinov bosqichida ijtimoiy karta ochish uchun arizalar “Inson” ijtimoiy xizmatlari markazlari orqali qabul qilinadi. Keyinchalik Yagona portal, kartaning mobil ilovasi hamda tegishli banklar bo‘linmalari orqali murojaat qilish mumkin bo‘ladi.
Retseptsiz beriladigan dorilarga nisbatan cheklangan ustama narxi bekor qilinadi
1-apreldan cheklangan savdo ustamalari faqat retsept bilan beriladigan dori vositalari toifasiga nisbatan tatbiq etila boshlanadi.
Bir kompaniya tomonidan turli savdo nomlari ostida tarkibi bir xil bo‘lgan dori vositalarini ishlab chiqarishda ularning barchasiga nisbatan eng past referent narx qo‘llanadi.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” tomonidan xorijiy valyutada qayd etilgan referent narxlar avtomatik ravishda tadbirkor murojaatisiz qayta ko‘rib chiqiladi.
Chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQSning yarmi qaytarib beriladi
1-aprelidan boshlab chorvachilik va parrandachilik xo‘jaliklariga QQSning 50%i qaytarish tartibi joriy etiladi.
Bu ishlab chiqarilgan mol va parranda go‘shti, sut hamda tuxum realizatsiyasidan tushgan tushum jami daromadning kamida 90%ini tashkil qiluvchi korxonalarga nisbatan tatbiq etiladi. Mablarg‘lar har oyning 25 sanasigacha qaytariladi. Bu 2028-yilgacha amal qiladi.
Aholi va tadbirkorlar uchun elektr energiyasiga yashil tariflar joriy etiladi
2025-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida bilan aholi va tadbirkorlarning qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan foydalanishini rag‘batlantirish maqsadida “yashil” tariflar joriy qilinadi. Bu chiqindilar utilizatsiyasi hamda “yashil” elektr energiyasiga nisbatan tatbiq etiladi.
Uning doirasida tadbirkorlar tomonidan chiqindi va biogaz utilizatsiyasi orqali, tashkilotlarning o‘z hududlaridagi shamol va quyosh qurilmalaridan ishlab chiqariladigan elektr energiyasi uchun imtiyozli tariflar belgilanadi.
Shu bilan birga, aholining quyoshdan olingan va o‘z ehtiyojidan orttirib, davlatga sotadigan energiyasi uchun imtiyozli tarif amal qiladi.
Kambag‘al oilalarga ayrim xarajatlari uchun 11,25 mln so‘mgacha subsidiya beriladi
1-apreldan “Yoshlar daftari” jamg‘armalari orqali, 1-sentabrdan esa “Ayollar daftari” jamg‘armalari orqali to‘lanadigan bir martalik moddiy yordamlar o‘rniga kam ta’minlangan oilalar uchun nazarda tutilgan nafaqalar to‘lanadi.
Qoraqalpog‘iston va Xorazmda muhtoj oilalarga bir marta beriladigan moddiy yordam o‘rniga Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilganlarga ayrim xarajatlarini qoplashga subsidiya ajratish tartibi joriy etiladi.
Mablag‘lar uy-joyida artezian quduq qazish, suv nasoslarini o‘rnatish va ichimlik suv filtrlarini xarid qilish xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. Bunda subsidiya xarajatlarning 90%i, biroq BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) dan ko‘p bo‘lmagan miqdorda beriladi.
Barcha klinika va dorixonalar QQS to‘lashga o‘tadi
Farmatsevtika mahsulotlari savdosi bilan shug‘ullanuvchi yoki tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi yuridik shaxslar daromadlaridan qat’i nazar qo‘shilgan qiymat solig‘ini to‘lashadi.
Bunda QQS bo‘yicha hisobotlar soliq organlari tomonidan avtomatik tarzda shakllantiriladi. Buning uchun onlayn nazorat-kassa, virtual kassa cheklari, rasmiylashtirilgan elektron hisobvaraq-fakturalar hamda boshqa ma’lumotlardan foydalaniladi.
12 ta yangi kasb yo‘nalishlari bo‘yicha o‘quv kurslari tashkil etiladi
Prezident qarori bilan aholini daromadli mehnat bilan ta’minlashning maqsadli ko‘rsatkichlari tasdiqlangan.
Kasbiy ko‘nikmalar markazlarida tashkil etiladigan yangi kasb yo‘nalishlari:
- Elektromobillarni ta’mirlovchi va ularga texnik xizmat ko‘rsatuvchi chilangar;
- Muqobil va noan’anaviy energiya manbalariga xizmat ko‘rsatish qurilmalari bo‘yicha texnik (mexanik) yordamchi;
- Elektr ko‘targichlarni (lift va eskalatorlarni) ta’mirlash va ularga xizmat ko‘rsatish bo‘yicha chilangar-montajchi;
- Zamonaviy suv tejovchi sug‘orish texnologiyalariga xizmat ko‘rsatuvchi texnik;
- Og‘ir yuklarni ko‘tarish, ortish va tashish yo‘nalishlari (kran, ekskavator va buldozer mashinisti, kara, samosval haydovchisi va boshqalar);
- Shamollatish, havoni tozalash, sovutish moslamalarini ta’mirlash bo‘yicha chilangar;
- Landshaft, interer va ishlab chiqarish dizayneri;
- Alyuminiy va plastik profillar bilan ishlash ustasi;
- Avtotyuning mexanigi;
- Videograf-mobilograf;
- Raqamli marketolog;
- Mobil ilovalar yaratuvchi dasturchi.
Chiqindilarni olib chiqib ketish xizmatlari narxiga QQS hisoblanadi
Chiqindilarni to‘plash va olib chiqib ketish xizmatlari uchun nol darajali stavka bo‘yicha soliq solinishi bekor qilinadi.
Xizmat ko‘rsatuvchi korxona tomonidan ko‘rsatiladigan sanitar tozalash xizmatlari qiymatiga nisbatan qo‘shilgan qiymat solig‘i hisoblanadi. Mazkur o‘zgartirish aholi va tadbirkorlar uchun ham amal qiladi.
Masalan, amaldagi xizmat qiymati 4 ming so‘mni tashkil etsa, mazkur qiymatga nisbatan 1-apreldan 12% miqdorida QQS hisoblanganda, jami xizmat narxi 4 480 so‘mni tashkil etadi.
OTMlarga xorijiy o‘qituvchilarni yollash soddalashtiriladi
Oliy ta’lim muassasalarning IT-sohasidagi fan nomzodi, falsafa doktori (PhD) yoki fan doktori (DSc) ilmiy darajasiga ega bo‘lgan xorijlik professor-o‘qituvchilariga “IT-visa” beriladi.