Abdurahmon Abdurashidov — Alif Uzbekistan fintex-kompaniyasining boshqaruvchi direktori bo‘lib, Alif superappini rivojlantirish uchun mas’ul hisoblanadi. U 2020-yilda jamoasi bilan birgalikda to‘lov tashkiloti litsenziyasini olgani 2022-yilda Alif ilovasini ishga tushirish imkonini berdi. Ishga tushirilgandan beri uning auditoriyasi deyarli 4 mlngacha o‘sdi. Abdurahmon bank sohasida 10 yildan ortiq, IT va mahsulot menejmenti sohasida esa 13 yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda.
“Ko‘p yillik faoliyatim davomida kitoblar rivojlanish uchun eng yaxshi vositalardan biri ekanligini anglab yetdim. Ular tafakkurni o‘zgartirishga, nostandart yechimlarni topishga hamda dunyodagi mashhur insonlarning tajribasidan ilhom olishga yordam beradi. Kitoblarning 80%ini ingliz tilida Amazon Audible’da audio-shaklda, odatda ishga ketayotganda va qaytishda, shuningdek, yugurish paytida tinglayman. Asl tildagi kitoblar menga muallifning hikoyasi, his-tuyg‘ulari va tajribasini chuqurroq his qilish imkonini beradi. Afsuski, vaqt yetishmasligi sababli qog‘oz variantdagi kitoblarni o‘qish men uchun tobora qiyinlashib boryapti.”, — deydi Abdurashidov.
Uning kitobga bo‘lgan qiziqishi Norvegiyadagi Norvegiya tabiiy va texnika fanlari universitetida dasturchi bo‘lib ishlagan kezlari paydo bo‘lgan. O‘shanda u bir vaqtning o‘zida 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tomonidan to‘liq boshqariladigan AIESEC xalqaro tashkilotda ko‘ngilli bo‘lib ishlagan.
Keyinchalik Alif’da o‘qishga bo‘lgan muhabbat yanada mustahkamlandi. U bu yerda to‘g‘ri g‘oyalarning biznes va insonlar hayotini qanday o‘zgartira olishining guvohi bo‘ldi.
“Nima uchun"dan boshlang”, Saymon Sinek
Bu kitobni birinchi marta 2014-yilda AIESEC’ning yillik konferensiyasidan so‘ng o‘qiganman, unda ma’ruzachilardan biri yetakchilik haqida gapirgandi. Uning nutiqdagi odamlarni rag‘batlantirish, yetakchilikning mazmuni haqidagi fikrlari meni juda qiziqtirib qo‘ydi.
Sinek nima uchun buyuk yetakchilar va kompaniyalar odamlarni ilhomlantirishini tushuntiruvchi “Oltin doira” konsepsiyasini ishlab chiqqan bo‘lib, unda tafakkurning uchta darajasini tasvirlab berdi:
- Nima uchun — missiya, kompaniyaning mavjudligi sababi.
- Qanday — muvaffaqiyatga erishish jarayonlari, strategiyalari, usullari.
- Nima — kompaniya bozorga taklif qiladigan mahsulotlar yoki xizmatlar.
Kitobning asosiy g‘oyasi — odamlar siz qilayotgan ishni emas, nima uchun qilayotganingizni sotib olishadi. Apple, Tesla va Google kabi kompaniyalar o‘z bizneslarini mahsulot atrofida emas, balki g‘oya va ilhom atrofida qurmoqdalar.
Ayniqsa, Apple’ning marketingni qanday qurishi haqidagi hikoyasi meni hayratga soldi. Ular nafaqat yaxshi xususiyatlarga ega mahsulotlarni sotadi, balki foydalanuvchilar ishonadigan missiya va qadriyatlarni targ‘ib qiladi.
Bu g‘oya marketing, yetakchilik va brendga bo‘lgan qarashlarimni butunlay o‘zgartirib yubordi. 2018-yilda Alifga qo‘shildim. Alif bilan pul uchun emas, o‘zimga yaqin qadriyatlar uchun ishlayman, yashayman.
“Eng muhimini o‘lchang”, Jon Dor
Google’ning ilk sarmoyadorlaridan biri venchur sarmoyador Jon Dorrning kitobi OKR (Objectives and Key Results) — maqsadlarni belgilash va ularga erishishning samarali vositasiga bag‘ishlangan.
Intel kompaniyasining sobiq xodimi Dorr OKR tizimi bilan Endryu Grouv orqali kompaniyaga endigina kirib kelayotgan paytda tanishgan. 1999-yilda, Google 30 kishidan iborat kichik startap bo‘lgan paytida, Dorr Larri Peyj va Sergey Bringa OKRni taqdim etib, bu usul Intelning muvaffaqiyatiga qanday yordam berganini tushuntirdi.
Larri Peyj bu tizimning qiymatini darhol tushunib, OKR’ni Google’ga joriy qildi. Bu tizimni hozir ham qo‘llashmoqda. Kompaniyada OKR choraklik tizimi qabul qilingan bo‘lib, natijalar barcha xodimlar uchun ochiq, bu jarayonni shaffof va rag‘batlantiruvchi qiladi.
Bu kitob bilan birinchi marta 2019-yilda, Alif hammuassisi Abdullo Qurbonov uni kompaniyaga tatbiq etishga tayyorlashni maslahat berganida tanishganman.
Bu kitob jamoamizga katta ta’sir ko‘rsatdi va uni deyarli barcha Alif menejerlari o‘qib chiqishdi. 2019-yildan buyon biz barcha mamlakatlarda eng muhim vazifalarga e’tibor qaratish va ulkan maqsadlarga erishishga yordam beradigan OKR metodologiyasini faol ishlab, amaliyotda qo‘llamoqdamiz.
“0 dan boshlangan biznes, Lean stratup uslubi”, Erik Ris
Ushbu kitob yangi mahsulotlar va biznesni minimal xatarlar bilan qanday ishga tushirish haqida. Uni Alif’ni ishga tushirish paytida o‘qigandim: asosiy jihatlarga e’tibor qaratishimga yordam berdi.
Kitobda tavsiflangan metodologiya minimal hayotiy mahsulot — MVPyordamida g‘oyalarni tezkor sinovdan o‘tkazish uchun amaliy vositalarni taklif etadi. U gipotezani sezilarli sarmoyalarsiz sinab ko‘rish imkonini beradi, bu esa zaif tomonlarni darhol aniqlash va mahsulotning rivojlanish yo‘nalishini to‘g‘rilash imkonini beradi. Kitobda tasvirlangan Lean Startup yondashuvi gipotezalarni sinab ko‘rish imkonini beradi.
Lean Startup kompaniyada doimiy takomillashtirish va tajribalar madaniyatini shakllantiradi, bu esa yangi imkoniyatlarni topish va o‘zgarishlarga tezroq moslashishga yordam beradi.
Lean-usuli Alif’ga xarajatlarni optimallashtirishga va samarasiz g‘oyalar uchun xarajatlarni bartaraf etish orqali ko‘plab xatolardan qochishga yordam berdi. Bir necha oy davomida to‘liq mahsulotni ishlab chiqish o‘rniga, biz uni bir necha hafta ichida Figma yordamida prototip bilan sinab ko‘rishimiz mumkin. Agar MVP foydalanuvchilar tomonidan qabul qilinmasa, kompaniya behuda sarflanishi mumkin bo‘lgan resurslarni tejaydi. Bundan tashqari, MVP bosqichida o‘zgartirishlar kiritish tayyor mahsulotdagi xatolarni tuzatishga qaraganda ancha arzon bo‘ladi.
Ushbu kitobni startap asoschilari, mahsulot menejerlari va mahsulot yaratish va rivojlantirish bilan shug‘ullanadigan barchaga tavsiya qilaman.
“Ilhomlanganlar”, Marti Keygan
Keyganning kitobi nafaqat rahbariyat g‘oyalarini amalga oshiradigan, balki foydalanuvchilar tomonidan haqiqatan ham talab mavjud mahsulotlarni yaratishga bag‘ishlangan. Unda auditoriyaning haqiqiy muammolarini aniqlash usullari, shuningdek, mahsulot menejerlari, dizaynerlar va ishlab chiquvchilar hamohang ishlashi uchun samarali kross-funksional jamoalarni shakllantirish tamoyillari ko‘rib chiqiladi.
Kitob bozor talablariga javob beradigan va raqobatchilar orasida ajralib turadigan innovatsion mahsulotlarni ishlab chiqishga tizimli yondashuvni taklif qiladi. Muallif foydalanuvchilar ehtiyojlarini chuqur tahlil qilish va samarali mahsulot strategiyalarini ishlab chiqish bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan o‘rtoqlashadi.
O‘qib bo‘lgach, jamoamda ko‘plab tamoyillarni, xususan, yechimga emas, muammoga e’tibor qaratish yondashuvini joriy qildim. Mahsulot menejerlarining asosiy xatolaridan biri muammoning mohiyatini tushunmasdan turib, darhol tayyor yechimni topishga intilishdir.
Keygan shunday ta’kidlaydi: “Buyuk mahsulotlar jamoalar foydalanuvchining muammosini to‘liq anglagan paytda yaratiladi, shunchaki berilgan funksiyalarga amal qilish bilangina emas”.
Endi jamoam to‘g‘ri ko‘ringan narsani amalga oshirishga emas, balki foydalanuvchilarning haqiqiy ehtiyojlarini o‘rganishga ko‘proq e’tibor qaratadi.
“Blits-kengaytirish”, Rid Hoffman
Kitob biznesni tez sur’atli kengaytirish strategiyalariga bag‘ishlangan. LinkedIn hammuassisi Hoffman asarda Airbnb, PayPal va Dropbox kabi kompaniyalar jadal o‘sishga erishish uchun qanday tamoyillardan foydalanganini ochib beradi.
Kitobda kompaniyaning rivojlanishini tezlashtirish uchun boshlang‘ich samaradorlik o‘rniga tezlikka ustuvorlik beradigan yondashuvlar tasvirlanadi. Mualliflar tez ishga olish, mahsulotlarni jadal ishga tushirish va yangi bozorlarga chiqish kabi faol kengayish strategiyalari haqida so‘z yuritadilar.
Tarmoq ta’sirlari, global kengayish va o‘zgaruvchan muhitga moslashadigan moslashuvchan tashkiliy tuzilmalar orqali kengaytiriladigan biznes modellarini yaratishga alohida e’tibor qaratilgan.
Agar biznesni tezda kengaytirish kerak bo‘lsa, bu kitob — must have.
Kitob burilish nuqtasi bo‘ldi: o‘tgan yili biz o‘sishni tezlashtirishga qaror qilib, Alif superappini rivojlantirish strategiyasini qayta ko‘rib chiqdik. Kitob tufayli tez o‘sish nostandart fikrlashni, tavakkal qilishga tayyorlikni hamda noaniqlik sharoitida harakat qilish qobiliyatini talab qilishini angladim.