Avvalroq Spot Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni bojxona faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzolagani haqida xabar bergandi. Unda tizimda raqamlashtirishni jadallashtirish bo‘yicha chora-tadbirlar belgilangan.
Shuningdek, farmon bilan 1-sentabrdan boshlab avtotransport uchun “yashil” va “qizil” yo‘lakdan iborat ikki yo‘lakli tizimni sinov tariqasida ishga tushiriladi. Bu tizim Toshkent viloyatidagi “G‘ishtko‘prik” va “Zangiota” hamda Qoraqalpog‘istondagi “Dovut ota” bojxona postlarida yo‘lga qo‘yiladi.
“Yashil” yo‘lakda xavf darajasi past bo‘lgan avtomobillar va tovarlar hujjatlari tekshirilgandan so‘ng tezkor nazoratdan o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. “Qizil” yo‘lakda esa xavf darajasi yuqori bo‘lgan transportlar, shuningdek tanlab tekshirish uchun ajratilgan transportlar puxta ko‘zdan kechiriladi.
Avtomobillar xavf tahlili ma’lumotlariga asosan yo‘laklardan biriga yo‘naltiriladi. Bojxona xodimlari profaylinga asoslanib, avtomobilni “yashil” yo‘lakdan “qizil” yo‘lakka o‘tkazishlari mumkin.
Bunda O‘zbekistonga kirib kelayotgan avtomobil faqat inspeksiya tekshiruvidan o‘tgandan keyingina yo‘laklardan biriga yo‘naltiriladi. 2026-yil 1-sentabrdan boshlab, tajriba-sinov natijalarini inobatga olgan holda, tizimni boshqa chegara o‘tish joylarida bosqichma-bosqich joriy etish vazifasi qo‘yildi.
Fevral oyi oxirida prezidentga bojxona ishini takomillashtirish bo‘yicha bir nechta taklif taqdim etildi. Jumladan, bir nechta yirik postlarda yengil avtomobillar va avtobuslar uchun “qizil” va “yashil” yo‘laklarni tajriba tariqasida joriy etish taklifi ham kiritilgan edi.
Avvalroq Spot yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish bo‘yicha mobil ilova ishga tushirilishi haqida yozgandi.
Shuningdek, tadbirkorlarga O‘zbekistonning istalgan joyidan bojxona to‘lovlarini to‘lashga ruxsat beriladi.