Shavkat Mirziyoyev 25-mart kuni bojxona faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati ma’lum qildi.
2030-yilgacha Jahon bankining logistika samaradorligi indeksida bojxona rasmiylashtiruvi yo‘nalishi bo‘yicha kamida 55-o‘rinni egallash maqsad qilib qo‘yilgan. Shu maqsadda 2026-yilga qadar inson omilisiz rasmiylashtiriladigan deklaratsiyalar ulushini ikki barobarga ko‘paytirish vazifasi belgilangan.
2028-yilgacha bojxona ko‘rigi bilan chegarani kesib o‘tish ulushini 21%dan 15%ga kamaytirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, sun’iy intellekt yordamida xatarlarni boshqarish tizimi samaradorligini ikki barobar oshirish ko‘zda tutilgan.
Chegara o‘tish joylaridagi tashqi savdo yuklariga nisbatan fitosanitariya va veterinariya organlarining nazorat vazifalari bojxonaga o‘tkaziladi. Bunda bojxona ularni tekshirishga vakolatli organlar vakillarini jalb etishi mumkin bo‘ladi.
Joriy yil 1-maydan boshlab tashqi savdo yuklariga oid veterinariya va fitosanitariya hujjatlarini qog‘oz shaklida ro‘yxatdan o‘tkazish, muhr va shtamplar qo‘yish bekor qilinadi. Ular bo‘yicha hujjat aylanishi elektron shaklga o‘tkaziladi.
Bojxona organlari 1-iyuldan boshlab JSTning Savdo tartib-taomillarini soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimi talablariga muvofiq tovarlarga nisbatan imtiyozlarni qo‘llash haqidagi dastlabki qarorlarni rasmiylashtiradigan bo‘ladi. Barcha yig‘im va to‘lovlarning hisoblanishi hamda hisobi bojxona organlari tizimi orqali amalga oshiriladi.
1-sentabrdan boshlab bojxona to‘lovlari va yig‘imlari uchun yagona g‘azna hisobvarag‘ini ochish topshirilgan. Tadbirkorlar ularni O‘zbekistonning istalgan joyidan to‘lash imkoniyatiga ega bo‘ladi.
1-noyabrga qadar yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini rasmiylashtirish uchun mobil ilova ishga tushirilishi rejalashtirilmoqda. Bundan tashqari, 1-dekabrgacha bojxona hududida yoki undan tashqarida qayta ishlanadigan yuklarga deklaratsiya rasmiylashtirish uchun “Tolling operatsiyalari” moduli joriy etiladi.
Avvalroq Spot bojxona postlarida haydovchilar uchun elektron navbat joriy etilishi haqida yozgandi.
Qo‘shimcha to‘lov evaziga bojxona nazoratidan navbatsiz (Fast Track) o‘tish imkoniyati taqdim etiladi.