Prezidentning yoshlar bilan ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirishga doir chora-tadbirlar to‘g‘risidagi farmoni qabul qilindi. Bu haqda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi xabar berdi.

Unga ko‘ra, 2025-yildan “El-yurt umidi” jamg‘armasining yangi stipendiya yo‘nalishi sifatida “Yorqin iste’dod” loyihasi joriy etiladi.

Bunda quyidagilar nazarda tutiladi:

  • har yili iqtidorli, bilimga chanqoq, og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan kambag‘al oilalar farzandlarini xorijda o‘qitish maqsadida har bir mahalladan faol yoshlarni saralash;
  • saralab olingan yoshlarning iqtidorini aniqlash orqali ularni salohiyatiga mos xorijiy oliygohlarga yuborish uchun tayyorgarlik kurslarida o‘qitish.

Qayd etilishicha, El-yurt umidi jamg‘armasiga joriy yilda “Yorqin iste’dod” loyihasi uchun 300 mlrd so‘m ajratiladi.

El-yurt umidi jamg‘armasi orqali xorijiy mamlakatlarda ta’lim olib qaytgan stipendiatlar milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan to‘g‘ri kiritiladi hamda ular davlat organlari, tashkilotlari va muassasalariga tanlovsiz ishga olinadi.

2025-yil 1-iyundan dunyoning Top-100 oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga BHMning 2150 baravarigacha foizsiz ssuda ajratiladi.

Shuningdek, nufuzli xalqaro fan olimpiadalari g‘olib va sovrindorlariga to‘lanadigan bir martalik pul mukofotining amaldagi miqdorlari 5 baravarga oshiriladi.

Bundan tashqari, xorijiy tillar bo‘yicha kamida C1 darajadagi milliy yoki unga tenglashtirilgan mos darajadagi xalqaro tan olingan sertifikatni olganiga 2 yildan oshmagan yoshlarga olis va borish qiyin bo‘lgan hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochish uchun 6 oylik imtiyozli davr bilan 3 yil muddatga BHMning 320 baravarigacha miqdorda foizsiz ssuda beriladi.


Avvalroq Spot kambag‘al oilalar farzandlariga foizsiz ta’lim krediti va qo‘shimcha grant ajratilishi haqida yozgandi.

Xorijda ilmiy daraja olgan yoshlarga uy-joy uchun 800 mln so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi. Ayrim yo‘nalishlarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytiriladi.