Prezident Shavkat Mirziyoyev Vazirlar Mahkamasiga elektr energiyasi va gaz bo‘yicha yangi tariflarning kuchga kirish muddatini kechiktirish topshirig‘ini berdi. Bu haqda Gazeta.uz'ga bosh vazir matbuot kotibi Bekzod Hidoyatov xabar berdi.

Prezident bu topshiriqni aholi, iqtisodiyot tarmoqlari va tadbirkorlik subyektlarini yokilgi-energetika resurslari bilan ishonchli tarzda ta’minlash, shuningdek, aholi va tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida bergan.

Yangi tariflar avval rejalashtirilgani kabi 1-apreldan emas, 1-maydan kuchga kiradi. 2024-yil 16-apreldagi Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga buni nazarda tutuvchi o‘zgartirish kiritiladi.

Avvalroq hukumat qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlangandi.

Qaror bilan 2025-yilning 1-aprelidan e’tiboran bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar ham belgilab berilgandi.

Xususan, kelasi yilning aprelidan elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhiga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz — 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘mdan yetkazib beriladi.

Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanmoqda:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 300 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 500 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 750 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 875 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 1 000 so‘mdan.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 600 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 1 000 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 1 500 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 1 750 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 2 000 so‘mdan.

Iste’molchilarning IV guruhi ham keyingi yilning 1-aprelidan e’tiboran bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘mdan to‘lashadi.

Barcha tabiiy gaz iste’molchilar uchun to‘lov miqdori bir kubometr uchun 1 800 so‘mdan etib belgilanmoqda.

AGTKShlar uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib berilsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 so‘mdan to‘lashadi.

Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun iste’mol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar o‘zgaradi. Ya’ni, kelgusi yilning 1-aprelidan noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 500 kub metrgacha — 1 000 so‘m;
  • oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;
  • oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;
  • oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;
  • oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda bir kub metr uchun 3 000 so‘m.

Mart-oktabr oylaridagi bir oylik iste’mol uchun esa quyidagicha haq to‘lanadi:

  • oyiga 100 kub metrgacha — 1 000 so‘m;
  • oyiga 101 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;
  • oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;
  • oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;
  • oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz iste’mol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 so‘mdan.

Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 2 000 so‘m bo‘ladi.