Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun ikki oylik oldindan to‘lov amalga oshirilganda, 1-apreldan energiya tariflari ko‘tarilishi rejalashtirilayotganiga qaramay, eski tariflar amal qilishda davom etadi. Ushbu ma’lumotni Energetika vazirligi Spot’ga tasdiqladi.

Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 31-maydagi 319-sonli qaroriga ko‘ra, elektr energiyasi tariflari o‘zgargan taqdirda, maishiy iste’molchilar ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga yetarli avans mavjud bo‘lsa, qo‘shimcha to‘lovdan ozod qilinadi. Boshqa iste’molchilar, jumladan tadbirkorlar uchun bu muddat bir oydan oshmasligi belgilangan.

Xuddi shunday holat tabiiy gaz uchun ham amal qiladi. Tariflar o‘zgargan taqdirda, gaz uchun oldindan to‘lovni amalga oshirgan iste’molchi ikki oydan ko‘p bo‘lmagan muddatga qo‘shimcha to‘lovlarni amalga oshirishdan ozod qilinadi. Bunda ushbu davr mobaynida jismoniy shaxs oldindan to‘lov miqdoridan ortiqcha gaz iste’mol qilmasligi kerak.

Shunday qilib, agar fuqaro 1-aprelgacha elektr energiyasi uchun 200 ming so‘m miqdorida oldindan to‘lov qilgan bo‘lsa va uning oylik iste’moli 200 kVt/soatlik ijtimoiy normaga mos kelsa, u ikki oy davomida (iyungacha) eski tarif bo‘yicha, ya’ni 1 kVt/soat uchun 450 so‘mdan to‘lashi mumkin. Bu jami 180 ming so‘mni tashkil etadi. Biroq, agar iste’mol hajmi avans miqdoridan oshib ketsa, qo‘shimcha iste’mol uchun 1 kVt/soat boshiga 600 so‘mlik yangi tarif hisoblanadi.

Oldindan to‘lov qilinmagan taqdirda, iste’molchi yangi tariflar asosida ikki oy uchun 240 ming so‘m to‘lashga majbur bo‘ladi. Ortiqcha to‘lanadigan summa 60 ming so‘mni tashkil etadi.

1-apreldan energiya tariflari qanday o‘zgaradi?

Avvalroq hukumat qarori bilan yoqilg‘i-energetika resurslarining 2024−2025 yillarda bosqichma-bosqich o‘zgaradigan yangi narxlari hamda aholi uchun elektr-energiyasi va tabiiy gaz bir oylik iste’molining bazaviy me’yorlari tasdiqlangandi.

Qaror bilan 2025-yilning 1-aprelidan e’tiboran bosqichma-bosqich o‘zgaradigan narxlar ham belgilab berilmoqda.

Xususan, kelasi yilning aprelidan elektr energiyasi narxi iste’molchilarning I va II guruhiga kiruvchi qismiga o‘zgarishsiz — 1 kVt/soat uchun 1 000 so‘mdan yetkazib beriladi.

Iste’molchilarning III guruhi, shu jumladan, ovqat tayyorlash uchun markazlashgan holda elektr plitalari bilan jihozlangan ko‘p qavatli uy-joylar va yotoqxonalarda yashovchi maishiy iste’molchilar uchun bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanmoqda:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 300 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 500 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 750 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 875 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 1 000 so‘mdan.

Qolgan maishiy iste’molchilar uchun esa bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 200 kVt/soatgacha — 600 so‘m;
  • oyiga 201 kVt/soatdan 1 000 kVt·soatgacha — 1 000 so‘m;
  • oyiga 1 001 kVt/soatdan 5 000 kVt·soatgacha — 1 500 so‘m;
  • oyiga 5 001 kVt/soatdan 10 000 kVt·soatgacha — 1 750 so‘m;
  • oyiga 10 000 kVt/soat va undan yuqori — 2 000 so‘mdan.

Iste’molchilarning IV guruhi ham keyingi yilning 1-aprelidan e’tiboran bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 1 000 so‘mdan to‘lashadi.

Barcha tabiiy gaz iste’molchilar uchun to‘lov miqdori bir kubometr uchun 1 800 so‘mdan etib belgilanmoqda.

AGTKShlar uchun bir kub metr tabiiy gaz 2 500 so‘mdan yetkazib berilsa, issiqlik elektr stansiyalari va issiqlik elektr markazlari buning uchun 1 800 so‘mdan to‘lashadi.

Aholining kommunal-maishiy ehtiyojlar uchun iste’mol qiladigan tabiiy gazi uchun narxlar o‘zgaradi. Ya’ni, kelgusi yilning 1-aprelidan noyabr-fevral oylari davomida bir oydagi iste’moldan kelib chiqib, quyidagicha belgilanadi:

  • oyiga 500 kub metrgacha — 1 000 so‘m;
  • oyiga 501 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;
  • oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;
  • oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;
  • oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda bir kub metr uchun 3 000 so‘m.

Mart-oktabr oylaridagi bir oylik iste’mol uchun esa quyidagicha haq to‘lanadi:

  • oyiga 100 kub metrgacha — 1 000 so‘m;
  • oyiga 101 kub metrdan 2 500 kub metrgacha — 1 800 so‘m;
  • oyiga 2 501 kub metrdan 5 000 kub metrgacha — 2 100 so‘m;
  • oyiga 5 001 kub metrdan 10 000 kub metrgacha — 2 500 so‘m;
  • oyiga 10 001 kub metr va undan yuqori miqdorda tabiiy gaz iste’mol qiladiganlar bir kub metr uchun 3 000 so‘mdan.

Aholiga maishiy ehtiyojlar uchun sotiladigan suyultirilgan gazning bir kilogrammi uchun to‘lov 2 000 so‘m bo‘ladi.