Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning uch oyi yakunlariga ko‘ra, o‘zbek so‘mi AQSH dollariga nisbatan biroz mustahkamlandi. Bunga fevral oyida milliy valyutaning keskin qimmatlashishi yordam berdi.

Mart oyida milliy valyuta dollarga nisbatan atigi 35,82 so‘mga yoki 0,28%ga — 12 913,19 so‘mga arzonlashdi. Oyning birinchi yarmida dollar kursi asta-sekin ko‘tarilib, 20-fevraldan beri birinchi marta 12 950 so‘mdan oshdi. Biroq, oyning ikkinchi yarmida so‘m qisman o‘zini oqladi va 27-mart kuni o‘tgan yilgi darajadan (12 920 so‘m) pastga tushdi.

Natijada deyarli barcha tijorat banklarida (Infinbank'dan tashqari) dollar kursi 13 ming so‘mlik psixologik ko‘rsatkichdan pastga tushdi. Eng qimmat AQSh valyutasini “Trastbank,” “Biznesni rivojlantirish banki” va “Anorbank” 12 900 so‘mdan yuqori narxda sotib olmoqda, “Aloqabank” va “Tenge Bank” esa eng qulay sotuv kursini taklif qilmoqda — 12 930 so‘m.

2024 yilda o‘zbek so‘mi nisbiy hisobda atigi 4,71%ga (yoki mutlaq hisobda 581,78 so‘mga) qadrsizlangan.

dollar kursi, markaziy bank, mart

O‘zbek so‘mining kuchayishi sabablari orasida Rossiya va AQSH o‘rtasidagi muloqotning qayta tiklanishi, jumladan Ukrainadagi qurolli mojaroni hal etish masalasida ham, Rossiya rublining keskin mustahkamlanishiga olib kelgan bo‘lishi mumkin. Prezidentlar o‘rtasidagi aloqalar fonida investorlarning Rossiya Federatsiyasidan sanksiyalar bekor qilinishi mumkinligi haqidagi kutilmalari yaxshilandi, bu esa rubl bo‘yicha xatarlarni kamaytirdi.

Misol uchun, Rossiya Markaziy banki 25-mart kuni dollarning rasmiy kursini 84 rubldan pastga tushirdi, O‘zbekiston Markaziy banki esa rubl kursini ikki yillik eng yuqori darajaga — 158 so‘mdan yuqoriga ko‘tardi.

Rossiya valyutasining mustahkamlanishi mamlakatga qo‘shimcha valyuta oqimi tufayli o‘zbek so‘miga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ehtimoli bor. Rossiya O‘zbekistonning ikkinchi yirik tashqi savdo hamkori, shuningdek, asosiy eksport bozori hisoblanadi. O‘tgan yili mehnat muhojirlari pul o‘tkazmalarining qariyb 80%i ($11,5 mlrd) Rossiyadan kelgan.

Shunday qilib, kuchli rubl O‘zbekiston mahsulotlarining Rossiyada arzonlashishiga, shuningdek, mehnat muhojirlarining dollar ekvivalentidagi xalqaro pul o‘tkazmalarining ko‘payishiga ko‘maklashadi.

Yaqin kelajakda dollar kursiga umumiy qiymati $1,5 mlrdga yaqin bo‘lgan suveren yevrobondlarning chiqarilishi va oltin narxining rekord darajada ko‘tarilishi fonidagi valyuta intervensiyalari ijobiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Oltinning narxi bir unsiya uchun $3 mingdan oshib ketdi. Misol uchun, yanvar-fevral oylarida O‘zbekiston $1,73 mlrdlik oltin eksport qildi, oltin-valyuta zaxiralari esa rekord darajaga — qariyb $45 mlrdga yetdi.

Dekabr oyida “Spot” tahlilchilar bilan 2024-yilda so‘mning qadrsizlanishi sabablari, milliy valyuta mustahkamlanishidagi risklar va 2025-yilda almashuv kursiga ta’sir qiluvchi omillar haqida suhbatlashdi.

Ekspertlar joriy yil yakuni bo‘yicha dollar kursi 13 340−14 ming so‘m oralig‘ida shakllanishini kutmoqda. Milliy valyuta oltinning sotilishi va o‘sishiga, jalb qilinadigan xorijiy kreditlar va investitsiyalarga, Markaziy bank siyosatiga, transchegaraviy o‘tkazmalar hajmiga, import oshishiga hamda global iqtisodiyot holatiga bevosita bog‘liq bo‘ladi.

2024-yilda so‘mning real samarali almashuv kursi (REER) 5,9% ga mustahkamlandi. Markaziy bank joriy yilning ikkinchi yarmida almashuv kursi o‘rta muddatli trend darajasiga qaytishini kutmoqda.