Ilon Mask 28-mart kuni o‘zining sun’iy intellekt sohasidagi ishlanmalar bilan shug‘ullanuvchi xAI kompaniyasi X ijtimoiy tarmog‘ini (sobiq Twitter) $33 mlrdga sotib olganini e’lon qildi.

Maskning so‘zlariga ko‘ra, bitim natijasida xAI qiymati $80 mlrdni, X esa $33 mlrdni ($45 mlrdlik qiymatdan $12 mlrdlik qarzni chegirib tashlagan holda) tashkil qiladi.

“xAI va X ning kelajagi o‘zaro bog‘liq. Bugun biz rasman ma’lumotlar, modellar, hisob-kitoblar, distributsiya va iste’dodlarni birlashtirish sari qadam qo‘ymoqdamiz,” — deya qo‘shimcha qildi Mask.

Tesla va SpaceX rahbari Ilon Mask 2022-yil oktabrda ijtimoiy tarmoqni $44 mlrdga sotib olib, Twitter’ning egasiga aylandi. Mask zarar ko‘rib ishlayotgan kompaniyani qayta tuzmoqchi ekanligini aytgan.

U “X” deb nomlangan “hamma narsa uchun ilova” yaratishga intilayotganini ta’kidlagan. 2023-yil aprelda Maskning boshqa kompaniyasi X Corp. Twitter’ni o‘z tarkibiga qo‘shib oldi. Ko‘p o‘tmay, ijtimoiy tarmoq o‘z nomini X’ga o‘zgartirdi.

X va xAI vakillari jurnalistlarning so‘rovlariga javob bermadi, deb yozadi Reuters. Agentlikning ta’kidlashicha, bitimning ko‘plab tafsilotlari noaniq, xususan, investorlarga kompensatsiya qanday to‘lanishi va X rahbarlari yangi kompaniyaga qanday integratsiya qilinishi tushunarsiz.

Shuningdek, xAI investorlaridan birining Reuters’ga aytishicha, Mask birlashishdan oldin investorlarning fikri bilan qiziqmagan.

Mask ularga ikkala kompaniya ham yaqindan hamkorlik qilgani va birlashma xAI tomonidan ishlab chiqilayotgan Grok sun’iy intellekti bilan chuqurroq integratsiyalashuvga yordam berishini aytdi.

Bloomberg’ning yozishicha, birlashgan kompaniya xAI Holdings nomini oldi va uning qiymati qarz majburiyatlarini hisobga olmaganda $100 mlrddan oshadi. Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, bitimni amalga oshirishda Morgan Stanley yordam bergan.

CNN xabar berishicha, Mask “sun'iy intellekt sohasida yetakchi sifatida o‘z mavqeini mustahkamlashga” intilmoqda, bu AQSh prezidenti Donald Tramp ma’muriyatining ham manfaatlariga mos keladi.

Joriy yilning boshida u investorlar konsorsiumiga boshchilik qilib, ChatGPT chat-botini ishlab chiquvchi OpenAI kompaniyasini qariyb $100 mlrdga sotib olishga uringan edi. Mask bilan uzoq vaqtdan beri raqobatlashib kelayotgan OpenAI rahbari Sem Altman bu taklifni rad etib, shunday javob berdi: “Agar istasangiz, biz Twitter’ni $9,74 mlrdga sotib olishimiz mumkin.”