O‘zbekiston Migratsiya agentligi Volkswagen, Peugeot, Volvo va Jaguar Slovakia avtomobil zavodlariga ishchi kuchi yetkazib beruvchi Manpower Group Slovakia (Amerika Qo‘shma Shtatlarining Manpower Group sho‘ba korxonasi) rekruting kompaniyasi bilan kelishuv imzoladi, deya xabar bermoqda aggentlik matbuot xizmati.

Agentlik direktori Behzod Musayev Slovakiyaning Manpower Group rekruting kompaniyasi bosh direktori Zuzana Rumiz bilan uchrashuv o‘tkazdi. Zuzana Rumiz o‘zbekistonliklarning “mehnatsevarligi, mas’uliyati va yuqori malakasi"ni alohida ta’kidladi.

Imzolangan hamkorlik memorandumiga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining logistika, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish va boshqa sohalardagi ishtirokini kengaytirish rejalashtirilgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston delegatsiyasi Slovakiyaning ichki ishlar, tashqi ishlar, mehnat, ijtimoiy masalalar va oila vazirliklari vakillari bilan muzokaralar olib bordi.

migratsiya agentligi, slovakiya

Tomonlar qonuniy migratsiyani qo‘llab-quvvatlash, Slovakiyadagi bo‘sh ish o‘rinlariga o‘zbekistonlik mutaxassislarni jalb qilish, ish vizalarini ko‘rib chiqish muddatlarini qisqartirish masalalarini muhokama qildilar.

Slovakiya Markaziy Osiyo mamlakatlaridan mehnat muhojirlari Yevropa Ittifoqining boshqa mamlakatlariga ko‘chib o‘tganida noqonuniy migratsiya muammosini ko‘tardi.

Muammoning yechimi sifatida migratsiya oqimini raqamlashtirish va O‘zbekiston uchun alohida kvotalar ajratish taklif qilindi.

Shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi migratsiya jarayonlarini tartibga solishga qaratilgan hukumatlararo bitim loyihasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Tez orada bu borada “ijobiy qarorlar” qabul qilinishi kutilmoqda.


Avvalroq Spot Avstriya O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha shartnoma imzolashi haqida yozgandi.

Shuningdek, Toshkentda Avstriya savdo-sanoat palatasining vakolatxonasi ochiladi.