Xarajatlari qoplab beriladigan xalqaro IT-sertifikatlar ro‘yxati kengaytirildi, deya xabar berdi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali matbuot xizmati.
O‘zbekistonning IT-iste'dodlari portalida tasdiqlangan ro‘yxat 34 ta kompaniya va ular tomonidan taqdim etiladigan 329 ta sertifikatga yetkazildi.
Yangilangan ro‘yxatga kiberxavfsizlik, sun’iy intellekt, bulutli texnologiyalar, ma’lumotlar ilmi va tahlilchisi kabi yo‘nalishlar qo‘shildi.
Shunindek, ilgari ro‘yxatda bo‘lmagan yangi IT-kompaniyalar, jumladan, Linux Foundation, Nvidia, Databrisks, Tableau, Pover Platform, ODOO hamda Yandex kabilar tomonidan taqdim etiladigan sertifikatlarga ham o‘qish mumkin.
Qayd etilishicha, 1-aprelgacha taqdim etilgan o‘quv kurslari va imtihon xarajatlariga qisman yoki to‘liq to‘lov qilingan shartnoma va to‘lov kvitansiyasi uchun kompensatsiyalar avvalgi ro‘yxat asosida qoplab beriladi.
Kompensatsiya uchun arizalarni havola orqali jo‘natish mumkin.
Xalqaro imtihon xarajatlarini qoplash
Hozirda mamlakatda yoshlarning xalqaro darajadagi chet tili hamda IT-sertifikatlari bo‘yicha imtihon xarajatlarini qoplab berish tizimi mavjud. Bundan tashqari, ularga xorijiy tilni o‘rganish xarajatlarini qoplashga BHMning 3 baravari (1 mln 125 ming so‘m) miqdorida moddiy yordam beriladi.
Xarajatlarni qoplash bo‘yicha xizmatlar Yagona portal orqali bepul amalga oshiriladi. Chet tili xarajatlari uchun bu yerda, IT-sertifikatlar uchun esa bu yerda ariza qoldirish mumkin. Bunda mablag‘lar bir kunda plastik kartaga o‘tkazib beriladi. Hozirda chet tili bo‘yicha xalqaro imtihon turlari soni 18taga yetgan.
IT-sertifikatlarga ega yoshlarga o‘qish hamda sertifikatlarni olish xarajatlarining 60%igacha qismiga kompensatsiya taqdim etiladi. Agar nomzod ingliz tili bo‘yicha B2 va undan yuqori bo‘lsa, xarajatlarni 100% qoplab olishi mumkin.
“Spot” IT-sertifikatlar uchun sarflangan mablag‘ning belgilangan qismini qanday qaytarib olish mumkinligi haqida videoqo‘llanma taqdim etgandi.
Avvalroq avtomobil ishlab chiqaruvchilari uchun VIN kodini olish bo‘yicha onlayn xizmat ishga tushgani haqida xabar berilgandi. Xizmatdan Yagona portal orqali hech qanday hujjatlarsiz foydalanish mumkin. To‘lov miqdori 10,12 mln so‘mni tashkil etadi.