2024-yilda O‘zbekistonda mehnat bozori iqtisodiyot tarmoqlarida band bo‘lganlar sonining o‘sishi fonida yuqori faollikni ko‘rsatdi. Bu haqda Markaziy bankning o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha mehnat bozori sharhida keltirilgan.
Regulyator kuzatuvlariga ko‘ra, to‘rtinchi chorakda 41 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari e’lon qilinib, mavsumiy omillar hisobiga uchinchi chorakka nisbatan (54 ming) pastroq bo‘ldi. Bu tendensiyalar muqobil ko‘rsatkichlarda ham kuzatildi.
Bo‘sh ish o‘rinlarining asosiy qismi chakana savdo (umumiy vakansiyalarning 21%i), ishlab chiqarish (16,1%) va umumiy ovqatlanish (15,7%) sohalariga to‘g‘ri kelgan.
Qurilish sohasidagi vakansiyalar 45% ga, umumiy ovqatlanish 30% ga va ta’lim sektori 26% ga qisqardi. Markaziy bank buni mavsumiy omil bilan birga, vakansiyalar nisbatan tezroq to‘ldirilib borilayotgani bilan izohladi.
Regulyatorning iqtisodiy faollik bo‘yicha o‘tkazilgan so‘rovlarida 2024-yilning ikkinchi yarmida sanoat, qurilish, xizmat ko‘rsatish va savdo sohalarida yaratilgan ish o‘rinlari soni o‘sishining tezlashishi qayd etilgan.
Rezyumelar soni o‘sishda davom etib, nomzodlikka, asosan, o‘rta malakaga ega ishchilar tomonidan taqdim etilmoqda. Bu savdo, ma’muriy va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalari xodimlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ishsizlik darajasi 2023-yildagi 6,8% lik darajadan 2024-yilning uchinchi choragi yakuni bo‘yicha 5,7% gacha pasaygan. Iqtisodiy faol aholi soni bu davrda biroz oshib, 15,1 mln kishini tashkil etdi. Ishsizlikning kamayishi esa iqtisodiyotda band bo‘lganlarning 14 mlndan 14,2 mlngacha ko‘payishi (+2%) fonida kuzatildi.
Bandlar sonining oshishi, asosan, bozorda yangi turdagi soha va xizmatlarda faoliyat olib boruvchilar hisobiga yuzaga kelmoqda. An’anaviy hisoblanadigan tarmoqlarda, xususan, qishloq xo‘jaligi va sanoatda bandlar sonining qisqarishi kuzatilmoqda.
2024-yilda YTTlar soni 18% ga o‘sib, 284 mingni tashkil etdi. Ularning aksariyati chakana savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyatini davom ettirmoqda.
O‘zini-o‘zi band qilganlar soni ham oshib, 4,5 mlnga yetib, 1,8 barobarga o‘sdi. Ularning asosiy qismi maishiy xizmat, qishloq xo‘jaligi, ijtimoiy xizmat ko‘rsatish sohalarida faoliyat yuritmoqda. O‘rtacha hisoblangan nominal ish haqi esa 5,4 mln so‘mga yetib, 17,4% ga oshgan bo‘lsa, bu davrda ish haqi real hisobda 7,1% ga o‘sgan.
To‘rtinchi chorakda davlat sektorida amalga oshirilgan indeksatsiya fonida ish haqi o‘sishining tezlashishi kuzatildi. Bu ijtimoiy sohalardagi (ta'lim va sog‘liqni saqlash) ish haqi dinamikasiga ta’sir ko‘rsatdi. Shu bilan birga, bu sohalardagi ish haqi o‘sishi nisbatan notekisligicha qolmoqda.
Qurilish ishlarining yuqori o‘sish sur’atlari (real o‘sish — 8,8%) saqlab qolinishi mehnat resurslariga bo‘lgan talabning oshishiga ta’sir ko‘rsatib, o‘tgan yilning ikkinchi yarmidan sohada ish haqi o‘sishining asosiy omillaridan bo‘ldi.
Iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida 2022−2023 yillarda kuzatilgan ish haqining yuqori o‘sish impulsi 2024-yilda bosqichma-bosqich kamaydi. Jumladan, tashish va saqlash, turar-joy xizmatlari va umumiy ovqatlanish sohalarida o‘sish sur’atlari maqbullashdi.
Bundan tashqari, bank va moliya (shu jumladan, sug‘urta va lizing bozori) hamda AKT sohalarida ish haqi o‘sishi biroz sekinlashdi. Bunga ushbu tarmoqlarda mehnat bozori muvozanatlashishi ta’sir qildi.
Yuqori iste’mol talabi saqlanib qolayotgan sharoitda chakana savdoda ish haqining o‘sishi nisbatan yuqoriligicha qolmoqda. Markaziy bank boshqa tarmoqlarni, jumladan, savdoni raqamlashtirish kelgusida AKT, chakana savdo sohalarida ish haqi o‘sishini qo‘llab-quvvatlashini kutmoqda.
Joriy yilning 1-mart holatiga O‘zbekistonda o‘zini o‘zi band qilganlar 4,7 mln nafardan oshdi. Bu asosan maishiy xizmat, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish hamda AKT sohalarida kuzatilgan.
Avvalroq mehnat shartnomasini tuzmagan ish beruvchilar jarimaga tortilishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Bandlik vazirligi mehnat shartnomasisiz fuqarolarni ishga jalb qilganlarga 75 mln so‘mgacha jarima belgilashni taklif qildi.