2024-yil yakuni bilan O‘zbekistonning umumiy tashqi qarzi $10 mlrddan oshdi. Bu haqda Markaziy bankning mamlakatning to‘lov balansi, xalqaro investitsiyaviy mavqei va tashqi qarzi bo‘yicha hisobotida keltirilgan.

O‘tgan yilda joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi $5,7 mlrdni tashkil etdi (2023-yilda $7,8 mlrd). Bunga savdo balansi manfiy saldosining kamayishi hamda ikkilamchi daromadlar komponenti bo‘yicha joriy transfertlar hajmining sezilarli ko‘payishi ta’sir ko‘rsatdi. Eksportning importga nisbatan yuqoriroq o‘sishi natijasida savdo balansining manfiy saldosi deyarli 2023-yil darajasida saqlanib qoldi — $17,4 mlrd.

markaziy bank, moliya, tashqi qarz, tashqi savdo, to‘lov balansi

Xalqaro bozorlarda xomashyo narxlarining o‘zgarishi va norezidentlarga ko‘rsatilgan xizmatlar hajmining ko‘payishi hisobiga jami eksport hajmi 4,5% ga o‘sib, $26,2 mlrdni (oltinsiz — $18,7 mlrd) tashkil etdi.

Asosiy eksport xomashyo mahsulotlarining jahon narxlari tahliliga ko‘ra, 2024-yilda oltinning o‘rtacha narxi 23% ga, kumush narxi 21% ga, mis narxi 8% ga, uran narxi 42% ga o‘sgan bo‘lsa, paxtaning o‘rtacha narxi 9% ga pasaygan.

Mehnat muhojirlari ishlaydigan an’anaviy mamlakatlarda ishchi kuchiga talab oshishi ish haqining o‘sishiga hamda migratsiya geografiyasining diversifikatsiyasi tushumlarning ko‘payishiga xizmat qildi. O‘z navbatida, norezidentlarning investitsiya daromadlari oshishi xarajatlarni ko‘paytiruvchi omillaridan bo‘ldi.

Birlamchi va ikkilamchi daromadlar balansi musbat saldo bilan shakllanib, mos ravishda $1,1 mlrd va $10,6 mlrdni tashkil etdi, bu esa savdo balansi taqchilligini qisman qopladi. Joriy operatsiyalar hisobi taqchilligi moliyaviy hisob bo‘yicha kapital tushumlar — to‘g‘ridan-to‘g‘ri va portfel investitsiyalar va boshqa manbalar hisobidan moliyalashtirildi.

2024-yil davomida mamlakatga to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarning sof kiritilishi 2023-yilga nisbatan 32% ga oshib, $2,8 mlrdga teng bo‘ldi.

Portfel investitsiyalarni sof jalb qilish asosan xalqaro obligatsiyalar bo‘yicha operatsiyalar hisobiga 3,1 baravarga ko‘payib, $3,1 mlrdga yetdi. Natijada, 2024-yil yakuni bo‘yicha moliyaviy hisob manfiy saldosi $7,4 mlrdni tashkil etdi.

markaziy bank, moliya, tashqi qarz, tashqi savdo, to‘lov balansi

O‘tgan yilda xalqaro zaxira aktivlarining valyutadagi qismi $734 mlnga kamaydi. Biroq, jahon bozorida oltin narxining yuqori darajada o‘sishi natijasida xalqaro zaxiralar qoldig‘i $6,6 mlrdga oshib, yil boshiga $41,2 mlrdni tashkil etdi.

2024-yil yakunlariga ko‘ra, to‘lov balansida aks etgan amaliyotlar va nooperatsiyaviy o‘zgarishlar ta’sirida O‘zbekistonning sof xalqaro investitsiyaviy mavqei yil boshiga nisbatan 11% ga mustahkamlanib, $13,7 mlrdga yetdi.

Shu bilan birga, rezidentlarning valyuta aktivlari hajmi $11,8 mlrdga (+14%), tashqi majburiyatlari hajmi esa $10,4 mlrdga (+14%) oshdi.

markaziy bank, moliya, tashqi qarz, tashqi savdo, to‘lov balansi

Hisobot davri yakunlariga ko‘ra, umumiy tashqi qarz $64,1 mlrdni (o‘sish $10,8 mlrdga, YIMga nisbatan 55,7%) tashkil etdi. Shundan davlat tashqi qarzi qariyb $33,9 mlrd (+$4,2 mlrd, YIMga nisbatan 29,5%), korporativ tashqi qarz esa $30,2 mlrdga (+$6,6 mlrd, YIMga nisbatan 26,2%) teng bo‘ldi.

2024-yilda O‘zbekistonning tashqi va ichki qarzlarni o‘z ichiga olgan davlat qarzi qariyb $5,3 mlrdga o‘sib, $40,19 mlrdni tashkil etdi.