Uzbekistan Airports debyut yevrobondlarni joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda 20-mart kuni o‘tkazilgan matbuot anjumanida kompaniya raisi Javlonbek Umarxo‘jayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Gazeta.uz muxbiri.

Umarxo‘jayevning qayd etishicha, yanvar oyida prezident Uzbekistan Airports’ga yil oxirigacha $100 mmlnlik yevroobligatsiyalar chiqarish bo‘yicha topshiriq bergan. Ushbu missiya bilan o‘tgan hafta davlat kompaniyasi rahbarining transformatsiya bo‘yicha o‘rinbosari Yevropada bo‘ldi.

Mart oyida Uzbekistan Airports reyting agentligi bilan may oyining o‘rtalariga qadar kredit reytingini olish bo‘yicha shartnoma imzoladi. Birinchi reyting olingandan so‘ng, boshqa agentlik bilan shartnoma tuzish va kredit reytingini qayta tasdiqlash kerak bo‘ladi, deya qayd etdi Javlonbek Umarxo‘jayev.

“Bizning optimistik prognozlarimizga ko‘ra, noyabr oyiga kelib biz ushbu yevrobondlarni jalb qilishimiz kerak”, — dedi u.

Uzbekistan Airports rahbari jalb qilinayotgan mablag‘larni havo portlarini rekonstruksiya qilish loyihalarini amalga oshirishga yo‘naltirish rejalashtirilayotganini ta’kidlab, Toshkent aeroportida yangi yuk terminali ochilganini eslatib o‘tdi.

Joriy yilning 16-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Shavkat Mirziyoyev xalqaro moliya bozorlaridan transport sohasiga $700 mln jalb qilish bo‘yicha topshiriq bergandi. Shundan $100 mlni Uzbekistan Airwaysga to‘g‘ri keladi — aviakompaniya “yaqin oylarda” Germaniyaning Deutsche bank banki bilan qarz mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha shartnoma tuzishga umid qilmoqda.

Avvalroq Uzbekistan Airports boshqaruvi raisi hududiy aeroportlar sonini ko‘paytirish rejalashtirilayotganini ma’lum qilgani haqida xabar berilgandi.