Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi Osiyo taraqqiyot banki bilan yangi qarz mablag‘larini jalb qilish bo‘yicha kelishuvga erishdi. Bu haqda OTB saytida xabar berildi.

Moliyalashtirish hajmi milliy valyutada $30 mln ekvivalentini tashkil etadi. Mablag‘lar kompaniyaning uzoq muddatli likvidlikni ta’minlash orqali ipoteka bozorining inklyuziv va “yashil” segmentlarini rivojlantirish loyihasini amalga oshirishga yo‘naltiriladi.

Uning doirasida Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi banklar tomonidan birlamchi va ikkilamchi bozorlarda ajratilgan kreditlarni qayta moliyalashtiradi. Shu bilan birga, ayollar uchun qarz olish hamda “yashil” renovatsiyani qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratiladi.

OTB loyihaning amalga oshirilishi ayollar va yoshlarni uy-joy sotib olish uchun arzon kreditlar bilan ta’minlash imkonini berishini kutmoqda. Tashkilot ekspertlari past va o‘rta daromadli oilalar uchun mavjud kreditlar bo‘yicha yuqori moliyaviy yukni, shuningdek, arzon ko‘chmas mulk taklifining cheklanganligini ta’kidlamoqda.

Bank vakillari 1-aprel kuni IQMK rahbari Murodjon Farmonov hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi rahbariyati bilan muzokaralar o‘tkazdi. Ularning yakunlari bo‘yicha bank va kompaniya o‘rtasida hamkorlikni yanada kengaytirish bo‘yicha kelishuv imzolandi.

Shuningdek, tomonlar kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish strategiyasini qabul qilish masalasini muhokama qildilar. Bank delegatsiyasi budjetni qo‘llab-quvvatlash, ta’lim, energetika, transport, suv ta’minoti va shaharlarni rivojlantirish sohalarida qo‘shma loyihalar portfelini kengaytirishni taklif qildi.

Bundan tashqari, ekologik transformatsiya, barqaror rivojlanish bo‘yicha yangi tashabbuslar, oqova suvlarni qayta ishlash va ta’lim sohalarida DXSh loyihalari ko‘rib chiqildi. Yana bir mavzu — iqtisodiyotda energiya samaradorligini oshirish uchun “super energetika xizmatlari"ni yaratish.

Avvalroq prezident farmoni bilan ipoteka kreditlari bo‘yicha stavkalar pasaytirilgani haqida xabar berilgandi.