Xitoy, Yaponiya va Janubiy Koreya AQSh bojlariga birgalikda javob berishga va uch mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirishga qaror qildi. Bu haqda Gonkongning The Standard nashri xabar berdi.

Xususan, Xitoy Yaponiya va Janubiy Koreyadan mikrosxemalar xarid qilishdan manfaatdor, ular esa o‘z navbatida Xitoydan yarimo‘tkazgich xomashyosini import qilishni istaydi.

Shunday qilib, Osiyoning uchta mamlakati yetkazib berish sohasidagi hamkorlikni mustahkamlashga kelishib oldi.

Bloomberg agentligi xabar berishicha, Tramp 2-apreldan boshlab barcha mamlakatlar uchun o‘zaro tariflarni joriy etishni rejalashtirmoqda. Ilgari o‘zaro tariflar haqida gap faqat bir qator mamlakatlarga taalluqli edi.

Xususan, Tramp Yevropa Ittifoqi davlatlari, Xitoy, Braziliya, Hindiston, Meksika va Kanadadan keltirilayotgan import mahsulotlariga javob bojlarini joriy etmoqchi ekanligini ma’lum qildi.

Oq uy rahbarining aytishicha, bu davlatlar o‘n yillar davomida AQShga qarshi bojlar qo‘llab kelgan. U bu vaziyatni “o‘ta adolatsiz” deb baholadi va Vashington ham o‘z navbatida javob qaytarish vaqti kelganini ta’kidladi.

27-mart kuni AQSh prezidenti Donald Tramp, agar Yevropa Ittifoqi va Kanada AQShga zarar yetkazish uchun birlashishga urinsa, ularga nisbatan import bojxona to‘lovlarini kuchaytirishi haqida bayonot berdi.

Bundan tashqari, Amerika rahbari chet elda ishlab chiqarilgan barcha avtomobillarga 25%lik bojxona to‘lovlari joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.

Tramp ma’muriyati bu AQShga yiliga $100 mlrd daromad keltirishini va shtatlarda avtomobil ishlab chiqarishning oshirilishini kutmoqda.

Shuningdek, AQShda boy amerikaliklarga soliqlarni oshirish rejalashtirayotgani haqida xabar berildi.

Qayd etilishicha, AQSh fuqarolarining ko‘pchiligi hukumatning bunday choralarini qo‘llab-quvvatlamoqda.