Toshkent va Samarqand viloyatlarida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanganlik holatlari fosh etildi.

Bosh prokuratura huzuridagi Departamentning Yangiyo‘l shahri bo‘limi tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda “S.E.” MCHJ servis kompaniyasi rahbari Sh.B. “Farovon” MFY hududidagi binoda gaz tarmog‘iga to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib olgani aniqlandi.

Buning natijasida 229,8 mln so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilgan.

Shuningdek, Departamentning Samarqand shahri bo‘limi tomonidan ham tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilgan.

Unda aniqlanishicha, “M.O.” korxonasi mas’ul shaxslari chiqindi to‘kish poligonida tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan elektr tarmog‘iga ulanib olgan.

Buning natijasida 159 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganliklari aniqlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.


Avvalroq Spot Qashqadaryoda 941 mln so‘mdan ortiq elektr energiyasi talon-toroj qilingani haqida yozgandi.

Xususan, Yakkabog‘ tumanidagi korxona suv nasoslarini shartnoma rasmiylashtirmasdan, o‘zboshimchalik bilan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi.