Joriy yilning 1-aprelidan O‘zbekistonda isitish mavsumida tabiiy gaz uchun belgilangan bazaviy me’yorning amal qilish muddati tugaydi. Bu haqda Hududgazta’minot matbuot xizmati xabar berdi.
Mart oyida havo haroratining past bo‘lgani va sovuqroq kelgani sababli prezident topshirig‘i asosida hukumatning tegishli qarori bilan isitish mavsumi uchun joriy etilgan bazaviy me’yor 1-aprelgacha uzaytirilgandi.
Aprel oyidan boshlab gaz uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yor 100 kub metrga tushiriladi.
Isitish mavsumi Qoraqalpog‘iston va Xorazmda oktabr-fevral oylarini, qolgan hududlarda esa noyabr-fevral oylarini qamrab oladi. Undan tashqari mavsumga esa Qoraqalpog‘iston va Xorazmda mart-sentabr oylari, boshqa hududlarda mart-oktabr oylari kiradi.
O‘tgan yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshladi. Joriy yilning 1-aprelidan elektr energiyasi va gaz uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgandi. Biroq, bu muddat ham 1-maygacha kechiktirildi.
Prezident aholi va tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida tariflar oshirilishini bir oyga kechiktirish bo‘yicha topshiriq berdi. Hukumatning 2024-yilning aprel oyidagi tegishli qaroriga o‘zgartirish kiritiladi.
Gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov amalga oshirilganda eski tariflar ikki oy amal qiladi. Bu fuqarolar uchun iyun oyigacha, biznes uchun may oyigacha tatbiq etiladi.
Avvalroq Energetika vazirligiga havo haroratidan kelib chiqib, bazaviy me’yorlarning isitish va boshqa mavsumlardagi amal qilish muddatlariga o‘zgartirish kiritish vakolati berilgandi.