Korzinka supermarketlar tarmog‘i $110 mln miqdorida sarmoya jalb qildi, deya xabar berdi riteyler matbuot xizmati.
Sarmoya Abu Dabi-O‘zbekiston investitsiya kompaniyasi (ADUI), O‘mon investitsiya boshqarmasi va O‘zbekiston-O‘mon investitsiya kompaniyasi (UzOman) tomonidan kiritilgan.
Mablag‘lar tarmoqning rivojlanish strategiyasini jadallashtirish va O‘zbekistonda zamonaviy oziq-ovqat chakana savdosini takomillashtirishga yo‘naltiriladi.
“Ushbu yirik sarmoya Korzinkaning ulkan o‘sish rejalari amalga oshishiga xizmat qiladi. Bu biz uchun muhim bosqich bo‘lib, kompaniyamizning bozor yetakchisi sifatida mustahkam o‘ringa ega ekanligi va O‘zbekistonda sodir bo‘layotgan keng ko‘lamli islohotlarga bo‘lgan ishonchni yana bir bor tasdiqlaydi”, — dedi Korzinka supermarketlar tarmog‘i asoschisi va Kuzatuv kengashi raisi Zafar Hoshimov.
Shuningdek, u investitsiya tarmoqning o‘sish strategiyasini sezilarli darajada tezlashtirishiga, 1000 dan ortiq do‘konga ega bo‘lish kabi o‘rta muddatli maqsadga erishishga yordam berishiga ishonch bildirdi.
Bu 2020-yilda YTTB tomonidan amalga oshirilgan investitsiyadan keyingi ikkinchi investitsiya hisoblanadi. Ushbu kelishuv doirasida Morgan Stanley Korzinka’ga moliyaviy maslahatchisi sifatida xizmat ko‘rsatdi, O‘mon investorlar konsorsiumiga esa O‘mon Investitsiya Banki (UIB) maslahat berdi.
Avvalroq Spot Alif Uzbekistan Islom savdo-moliya korporatsiyasidan $3 mln jalb qilgani haqida yozgandi. Mablag‘lar “Nasiya” muddatli to‘lov xizmatini rivojlantirish va kengaytirishga yo‘naltiriladi.