Yaqinda xususiylashtirilgan Kvars shisha zavodi yana davlat tasarrufiga o‘tdi. Bunga KorpInfo Telegram-kanali e’tibor qaratdi.
Korporativ axborot yagona portalidan olingan bayonnomaga ko‘ra, joriy yilning 19-mart kuni Kvars aksiyadorlarining navbatdan tashqari yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi (kvorum — 89,8%). Kun tartibi: kuzatuv kengashi a’zolarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish, kuzatuv kengashining yangi tarkibi a’zolarini saylash, zavod faoliyatini auditorlik tekshiruvidan o‘tkazish. Barcha bandlar qo‘llab-quvvatlangan.
Kvars kuzatuv kengashi raisi Denis Trusevichning so‘zlariga ko‘ra, 27-fevral kuni Davlat aktivlarini boshqarish agentligi Kvars ustav fondining 89,8%i miqdoridagi aksiyalar paketiga egalik qiluvchi aksiyador sifatida kuzatuv kengashi va Kvars’ga aksiyadorlarning navbatdan tashqari yig‘ilishini chaqirish va kuzatuv kengashi a’zolarining vakolatlarini muddatidan oldin tugatish to‘g‘risida murojaat qildi.
Yagona portaldan ko‘chirmada qayd etilishicha, Kvars’ning 100% ta’sischisi Quvasoysement hisoblanadi. Korxona va tashkilotlarning yagona davlat reestrida zavod ta’sischilari sifatida “aksiyadorlar” ko‘rsatilgan.
Yig‘ilish yakunlari bo‘yicha kuzatuv kengashining yangi tarkibini saylash to‘g‘risida qaror qabul qilindi, unga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi vakillaridan sakkiz nafari kiritilgan:
- Qurbonaliyev Sanjar Sabriddinovich — Davaktiv agentligida departament boshlig‘i;
- Sayfulloyev Abdulaziz Sa’dullo o‘g‘li — Davaktiv agentligida boshqarma boshlig‘i;
- G‘aybulloyev Asliddin Fazliddinovich — Davaktiv agentligida boshqarma boshlig‘i;
- Rahimov Ilyos Ikromovich — O‘zsanoatqurilishmateriallari uyushmasi raisining o‘rinbosari;
- Pinyozov Ikromjon Xakimboyevich — Davaktiv agentligida bosh buxgalter;
- Sharapov Umidjon Shavkatovich — Davaktiv agentligida bo‘lim boshlig‘i;
- Rajabov Abdubanno Xoshimjonovich — Davaktiv agentligining bosh mutaxassisi;
- O‘rinov Doniyorjon Shavkatovich — Davaktiv agentligi Farg‘ona viloyati hududiy boshqarmasi bosh mutaxassisi.
Bundan tashqari, 2023-yilning fevral oyida Kvars aksiyalari davlat paketini 265 mlrd so‘mga sotib olgan Quvasoysement affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi, shuningdek, Quvasoysement’ga egalik qiluvchi UCG (United Cement Group) tijorat direktori Natalya Li ham kuzatuv kengashining avvalgi a’zolari ro‘yxatidan chiqarildi.
O‘z navbatida, Kvars’ning affillangan shaxslari ro‘yxatiga Davlat aktivlarini boshqarish agentligi ham kiritildi. 2023-yil 8-mayda Davaktiv agentligi ta’sischisi bo‘lgan UzAssets investitsiya kompaniyasi affillangan shaxslar ro‘yxatidan chiqarildi.
2021-yilning fevralida Kvarts’ning davlat ulushini auksionga qo‘yish bo‘yicha davlat rahbarining farmoni qabul qilindi. Oradan bir yarim yil o‘ttib, 2022-yilning iyunida zavodni xususiylashtirish jarayoni boshlandi. 2023-yil fevralda kompaniya ustav kapitalidagi 89,78% ulushini Quvasoysement 265 mlrd so‘mga sotib oldi.