2024-yilda fuqarolarning tashqi mobilligi sezilarli darajada oshdi. Bu haqda Markaziy bankning o‘tgan yilning to‘rtinchi choragi yakunlari bo‘yicha mehnat bozori sharhida keltirilgan.

Bunga xorijga chiqqan aholining umumiy soni 6,2 mln kishiga yetib, 29% ga, pul o‘tkazmalarining esa, 30% ga oshgani ta’sir qildi.

So‘nggi yillarda migratsiyaning sezilarli o‘sishi Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida, jumladan, Polsha (YIga berilgan vizalarning 21%i), Litva (17%), Germaniya (16%) va Latviyada (7%) kuzatildi.

O‘zbekiston fuqarolariga berilgan YIdagi amaldagi ishlash uchun ruxsatnomalar soni 2023-yilda 31,8 ming donani, boshqa maqsadlardagi ruxsatnomalar soni esa 22,4 ming donani tashkil etgan.

buyuk britaniya, janubiy koreya, markaziy bank, migratsiya, turkiya, xorijda ish, yevropa ittifoqi

Buyuk Britaniya tomonidan mehnat muhojirlariga bo‘lgan mavsumiy talab saqlanib qolmoqda. 2023-yilda o‘zbekistonliklarga berilgan mavsumiy vizalar ushbu turdagi berilgan barcha vizalarning 12,5%ini tashkil etgan. Mamlakat 2021-yilda o‘zbekistonliklarga 556 ta, 2022-yilda 4 228 ta, 2023-yilda esa 4 094 ta viza bergan.

Janubiy Koreyaga umumiy migratsion oqim oshib bormoqda — ta’lim bilan birga, ishlash maqsadida borayotganlar hajmi ortgan. 2024-yilda Koreyadagi O‘zbekiston rezidentlari soni 7,2 mingga oshib, 94,9 ming nafarni tashkil etdi.

O‘tgan yili makroiqtisodiy vaziyatning bosqichma-bosqich barqarorlashuvi fonida Turkiyaga migratsiya oqimi ham ko‘paydi. Shu bilan birga, O‘zbekiston fuqarolariga yashash uchun berilgan ruxsatnomalar soni (Residence Permit) oshmoqda — 2023-yilga nisbatan 5,8 ming donaga.

Turkiyada iqtisodiy noaniqliklarning nisbatan kamayishi ortidan doimiy bo‘lmagan migratsiya darajasi pasayib, 12,6 ming nafar kishini tashkil etdi. Markaziy bank buni migrantlarning uzoqroq muddatga ishga joylashishga tayyorligi bilan izohladi.

buyuk britaniya, janubiy koreya, markaziy bank, migratsiya, turkiya, xorijda ish, yevropa ittifoqi

Mehnat migratsiyasining asosiy yo‘nalishlari Qozog‘iston va Rossiya bo‘lib qolmoqda. Pul o‘tkazmalarining joriy dinamikasi hamda boshqa makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘yicha so‘nggi tendensiyalar hisobiga bu mamlakatlarga migrantlar oqimi nisbatan barqaror darajada saqlanib qolmoqda.

Avvalroq Avstriya O‘zbekiston bilan mehnat migratsiyasi bo‘yicha shartnoma imzolashi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, Toshkentda Avstriya savdo-sanoat palatasining vakolatxonasi ochiladi.