O‘zbekistonda Xitoyning Leapmotor brendi ostidagi yengil avtomobillarni sertifikatlash vaqtincha to‘xtatildi. Bunga C16 modelining xavfsizlik talablariga javob bermasligi sabab bo‘lgan.
28-mart kuni hukumat huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish (O‘zstandart) agentligining Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi boshlig‘i Azamat Abduraxmanovning tegishli ogohlantirish xati tasdiqlandi. Hujjat mashinasozlik mahsulotlarini sertifikatlashtirish organlariga, nusxasi esa Bojxona qo‘mitasiga yuborilgan.
Qayd etilishicha, Euro Prof Test korxonasining 28-martdagi xati bilan Leapmotor tomonidan ishlab chiqarilgan M1 toifasidagi Leapmotor C16 rusumli (VIN raqami LFZ93AN96RD091431) yengil avtomobilining muvofiqligi baholanib, uning belgilangan talabga nomuvofiqligi aniqlangan.
Bu avtomobildan foydanalishda uning elektronikasi yoki boshqa qurilmalarini ishlatishda muammolarga, ayrim hollarda tegishli tizimlarning ishdan chiqishiga olib keladi. Shu bilan birga, holat “Iste'molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 4-moddasi bilan belgilangan iste’molchilarning huquqlarini buzishi mumkin.
O‘zstandart agentligi mashinasozlik mahsulotlarini sertifikatlashtirish organlaridan Leapmotor kompaniyasi nomuvofiqlikni bartaraf etgungacha, M1 toifadagi Leapmotor avtomobillarini sertifikatlashtirish yuzasidan arizalarni qabul qilishni to‘xtatishni so‘radi.
Shuningdek, agentlik O‘zbekistonda avtotransport vositalari muvofiqligini baholash hukumatning 2017-yilning aprel oyidagi tegishli qarori bilan tasdiqlangan umumiy texnik reglamentga asosan amalga oshirilishini qayd etdi. Hujjat bilan transport vositalari texnik reglamentga muvofiq bo‘lganida mamlakat hududida muomalaga chiqarilishi mumkin.
Nazorat inspeksiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, UzTest laboratoriyasida o‘tkazilgan sinov C16 rusumli avtomobili xalqaro standartlarga to‘g‘ri kelmasligini ko‘rsatgan.
Xususan, avtomobil BMTning xavfsizlik talablariga javob bermaydi — me’yoridan 16 baravar ko‘p. Avtomobil “Ustuvorlik va tashqi elektromagnit nurlanishga bardoshlilik (Keng polosali elektromagnit shovqinlar)” talablariga nomuvofiqdir.
Elektromagnit moslashuvchanlik sinovlari transport vositalari uchun zarur, chunki elektromagnit maydonlarning avtomobil elektron tizimlariga ta’siri xavfsizlikka jiddiy ta’sir qilishi mumkin.
Bundan tashqari, inspeksiya tadqiqotlar yuqori darajadagi elektromagnit maydonlar organizmga salbiy ta’sir ko‘rsatishini, jumladan, asab, yurak-qon tomir tizimlari va saraton kasalliklari xavfini oshirishi mumkinligini ko‘rsatganini qayd etgan.
Inspeksiya fuqarolardan avtomobil tanlashda xalqaro talab va standartlarga javob beruvchi mahsulotlarni tanlashni hamda xavfsizlik me’yorlari yuzasidan rasmiy dillerlarga murojaat qilishni so‘ramoqda.
Avvalroq Uztest Piskent avtopoligonidagi tartibsizliklarni bartaraf etish, yuklamalarni kamaytirish uchun onlayn navbat olishda himoya vositalari joriy qilishi haqida xabar berilgandi. Markaz avtomobillarni sinovdan o‘tkazish uchun navbat olishda qo‘shimcha pul talab qilish holatlari kuzatilsa, xabar berishni so‘radi.