Telegram yarim soat ichida barcha 1-aprel g‘ishtlarini yuz minglab dollarga sotib yubordi, deya xabar berdi Kommersant nashri.

Cheklangan miqdordagi g‘ishtlar sotuvi 1-aprel, seshanba kuni Toshkent vaqti bilan soat 3:57 da boshlandi. Birgina, soat 4:31 ga kelib, mavjud barcha 7 mingta sovg‘a sotib bo‘lingandi.

Bitta virtual g‘isht narxi 5 ming Telegram Stars (“yulduzlar” — bu messenjerda raqamli tovarlar va xizmatlar uchun to‘lash mumkin bo‘lgan ichki valyuta) ni tashkil etdi.

5 mingta “yulduz” narxi o‘zgaruvchandir. Masalan, iPhone foydalanuvchilari ularni $115,9 ga, Android qurilmalari egalari esa $100,7 ga sotib olishlari mumkin. Mahalliy valyutada bir dona g‘isht 1,159 mln so‘mga teng.

Shu tariqa, Telegram 1-aprel g‘ishtlari savdosidan 8 mlrd so‘mdan qariyb 10,5 mlrd so‘mgacha ($811,3 ming) daromad olgan bo‘lishi mumkin.

g'isht, sovg'alar, telegram, telegram stars

Bu kabi sovg‘alar messenjerda boshqa bayramlarda ham paydo bo‘ladi. RBK’ning yozishicha, 14-fevralga kelib Telegram’da cheklangan miqdordagi sovg‘alar seriyasi paydo bo‘lgan. Pavel Durov e’lon qilgan kolleksiya taxminan sakkiz soat ichida sotilgan.

2 ming yurakdan iborat butun seriya (har birida 10 ming “yulduz”) olti daqiqada sotildi, ularning har birining narxi $200 dan oshib, $400 ming daromad keltirdi. 15 mingta sumka 24 daqiqada $700 ming, 35 mingta uzuk esa bir soat ichida $700 ming daromad keltirdi.

Mart oyida Telegram asoschisi messenjerning doimiy foydalanuvchilari soni 1 mlrddan oshganini ma’lum qilgandi. Mashhurlik bo‘yicha messenjer WeChat va WhatsApp’dan keyin ikkinchi o‘rinda turadi. 2024-yilda Telegramning foydasi $547 mlnni tashkil etdi.

Avvalroq Ilon Mask kompaniyasining Grok chatboti Telegram’da mavjud bo‘lgani haqida xabar berilgandi.