Xitoyning Temu marketpleysi O‘zbekistonda taxminan 46 mlrd so‘m miqdorida soliq to‘lamagan. Bu haqda 1-aprel kuni AOKAda o‘tkazilgan matbuot anjumanida Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Mubin Mirzayev ma’lum qildi, deya xabar berdi Spot muxbiri.

Mirzayev elektron savdo tizimini soliqqa tortish butun dunyoda muammoga sabab bo‘layotganini qayd etdi. O‘zbekistonda internet orqali savdo qilish tizimini soliqqa tortish bo‘yicha tahlillar elektron tijorat bilan shug‘ullanuvchi ko‘plab tashkilotlarning soliq to‘lashdan bosh tortishini ko‘rsatgan.

Soliq qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari barcha elektron platformalarga soliq majburiyati bo‘yicha ogohlantirish xati berilganini ta’kidladi. Shuningdek, u Wildberries marketpleysi 51 mlrd so‘mdan ortiq soliq to‘laganini, unga ijobiy xulosa berilganini aytib, “qonunchilik asosida ishlashi mumkin, bizning hech qanday e’tirozimiz yo‘q”, dedi.

“Dastlabki hisob-kitoblar natijasida Temu tomonidan taxminan 46 mlrd so‘mlik (Markaziy bank kursi bo‘yicha $3,55 mln) soliqlar to‘lanmagani aniqlandi. Marketpleysga ushbu soliq to‘lovlari bo‘yicha e’tiroz xati berilgan. Qachon u soliqlarni to‘lasa, biz faoliyatini legallashtirish imkoniyatini yaratib beramiz”, — dedi Mubin Mirzayev.

Shu bilan birga, Mirzayev hisoblangan soliqlar tekshirilmaganini, soliq qarzdorligi to‘lanmagan holatda, to‘liq tartibda tekshiruv amalga oshirilishini hamda soliq majburiyati bajarilishi yuzasidan alohida ma’lumotlar taqdim etilishini qo‘shimcha qildi.

Mart oyi o‘rtalarida Temu yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tib, O‘zbekistonda soliq hisobiga qo‘yildi. Biroq, 20-martdan rejalashtirilgan blokirovka yuridik shaxs ro‘yxatdan o‘tgunga qadar bo‘lgan davrda platforma tomonidan soliqlar to‘lanmaganligi sababli o‘z kuchida qoldi. Ushbu sanadan boshlab esa, mamlakatda Temu marketpleysi bloklandi: platforma sayti ochilmaydi, mobil ilovasining ishlashi esa sekinlashdi.

O‘zbekistonda Temu faoliyati

2024-yil oxirida O‘zbekistonda elektron tijorat uchun yangi qoidalar tasdiqlandi. 28-dekabrdan boshlab o‘zbekistonlik foydalanuvchilar bilan ishlaydigan xalqaro platformalar yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazishi shart. Yangi qoidalar nima uchun joriy etilgani va ular bozorga qanday ta’sir ko‘rsatishini Spot avvalroq ko‘rib chiqqandi.

Ayrim platformalar yuqoridagi talablarga moslasha boshladi, biroq Temu bunday qilmadi. Xitoy marketpleysi O‘zbekistonda faol targ‘ibotni olib bordi, biroq yuridik shaxsni ro‘yxatdan o‘tkazmadi.

Elektron tijorat sohasini tartibga soluvchi Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) Temu faoliyatiga bir necha bor izoh berib, ehtimoliy bloklanishi borasida ogohlantirgandi.

Joriy yilning 20-martidan platformaga kirish cheklanadi. Foydalanuvchilarga yangi buyurtmalarni rasmiylashtirmaslik, agar buyurtma qilingan bo‘lsa, to‘lovni qaytarish tavsiya etildi.

ILMA elektron tijorat boshqarmasi boshlig‘i Kamronbek Muhammadiyev Spot’ga bergan intervyusida Temu faoliyatini cheklashda nima uchun aynan shu muddat tanlangani, blokirovka qanday bo‘lishi va kompaniya cheklovlardan qochish uchun nima qilishi mumkinligiga izoh berdi.