Joriy yilning 26-mart kuni Rastamojka Telegram-kanali Piskent poligoniga navbat olishda “Cobalt'ga shartnoma olishdagi” kabi ajiotaj yuzaga kelganini, 1−2 daqiqada onlayn navbat olish tugab qolayotganini xabar berdi.
“Bir avtomashina egasi 10-aprel kuniga navbat olganiga do‘ppisini osmonga otib xursand. Shuncha kutganiga 10 mln so‘m xarajat ham qilib beradi. Agar maygacha sertifikat ololmasa, yana qo‘shimcha $2500 xarajat qiladi”, deyiladi xabarda.
Undan keyin, Ilmiy-sinov va sifat nazorati markazi (UzTest) matbuot xizmati ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan bu kabi xabarlar yuzasidan rasmiy munosabat bildirdi.
Xabarda Piskentda joylashgan elektromagnit moslashuvchanlik laboratoriyasi hozirda 100−120 ta avtomobil sinovlarini o‘tkazish imkoniyatiga egaligi, 24/7 shaklida, shu jumladan, bayram kunlarida ham ishlashi qayd etilgan.
M1 toifadagi transport vositalarining muvofiqligini baholashga navbat olish Yagona portal orqali amalga oshiriladi va buning uchun QR-kod shakllantiriladi. Ta’kidlanishicha, 20−25-mart kunlari elektron navbat olish tizimiga ayrim IP-manzillaridan “to‘xtovsiz juda ko‘p so‘rovlar jo‘natish”, sun’iy ravishda tizimda yuklamani oshirish va elektron navbatlarni egallash harakatlari kuzatilgan.
Raqamli hukumat loyihalarini boshqarish markazi hamda Uzinfocom yagona integratori mutaxassislari tomonidan elektron navbatga tizimi takomillashtirilib, himoya vositalarini joriy qilish ishlari olib borilmoqda. Hozirda tizim faoliyati test rejimida ishlamoqda.
Shuningdek, markaz matbuot xizmati narxlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar asossiz ekanligini qayd etib, transport vositalarini sertifikatlashtirish uchun xizmat ko‘rsatish narxiga aniqlik kiritdi:
- ektromobillar uchun — 4 479 888 so‘m;
- gibrid, benzin hamda dizel yoqilg‘isida harakatlanuvchi yengil avtomobillar uchun — 5 599 888 so‘m.
UzTest ushbu belgilangan narxlarga qo‘shimcha tarzda pul talab qilish holatlari kuzatilsa, 1880 qisqa raqamiga to‘g‘ridan to‘g‘ri murojaat qilishni so‘ramoqda.
Avtomobillarni texnik sinovdan o‘tkazish tartibi
2024-yilning 1-noyabridan O‘zbekistonda import qilinadigan avtomobillarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish tartibi o‘zgardi. Endi ular bojxona hududida emas, balki Pskentdagi “UzTest” avtopoligonida sinovdan o‘tkazilmoqda.
Yangilik sezilarli navbatlarning shakllanishiga olib keldi — haydovchilar kutish bir necha kun davom etishi mumkinligini bildirishdi. “UzTest” navbatlarni “mavsumiylik va import hajmining oshishi” bilan izohladi.
Shu bilan birga, muvofiqlik sertifikatining o‘rtacha narxi 2,6 mln so‘mdan 9,1 mln so‘mgacha oshib ketdi. Nazorati markazi ichki yonuv dvigatelli avtomobillar uchun narxni 5,6 mln so‘mgacha, elektromobillar uchun esa 4,48 mln so‘mgacha pasaytirdi.
Undan keyin, 18-noyabrdan Yagona portal orqali elektron navbat olish imkoni yaratildi. Xizmatdan Yagona portal orqali bepul foydalanish mumkin hamda buning uchun hech qanday hujjat talab etilmaydi. Xizmatga havola bu yerda.
Buning uchun birinchi navbatda Bojxona qo‘mitasining “Yagona darcha” axborot tizimi (singlewindow.uz) orqali sertifikatlashtirish organiga elektron ariza yuborish kerak.
Yanvar oyida UzTest avtopoligonga elektron navbat olish tizimi ishlamay qolgani haqidagi xabarlarni rad etgandi. Onlayn tizimda bitta JShShIRga faqat bitta navbat olish mumkin. Undan foydalangandan keyin qayta navbat olish mumkin bo‘ladi.