Germaniyada chiqindilarni noto‘g‘ri saralovchilarga qarshi kurash boshlandi. Bu haqda Bild gazetasi xabar bermoqda.

Jumladan, sun’iy intellekt (SI) texnologiyalaridan ham foydalanilmoqda. Buning sababi, 1-maydan boshlab butun mamlakat bo‘ylab bio-chiqindilarni saralashning yangi qoidalari kuchga kirishi bilan bog‘liq. Endi ulardagi begona aralashmalar miqdori 3%dan, plastik esa 1%dan oshmasligi lozim. Qoidabuzarlar aniqlanib, jarimaga tortiladi.

Nashrning ta’kidlashicha, chiqindilarni noto‘g‘ri saralovchilarga qarshi kurashish usullari bir-biridan keskin farq qiladi. Xususan, Baden-Vyurtemberg yeridagi Esslingen tumanida qoidabuzarlarni aniqlash uchun sun’iy intellektga asoslangan tizimlardan foydalanish mo‘ljallanmoqda. Biroq, Bild nashri qaysi aniq nazorat texnologiyasi haqida so‘z borayotganini qayd etmagan.

Alb-Dunay tumanida esa bu yil kuzda 2,1 mingga yaqin konteyner ko‘zdan kechirilishi va ularga rangli yorliqlar yopishtirilishi rejalashtirilgan: yashil — hammasi joyida, sariq — kichik qoidabuzarliklar, qizil yorliqli konteynerlarni esa kommunal xizmatlar shunchaki olib ketmaydilar.

Ulm shahrida qoidabuzarlik holati yuzaga kelganda konteynerlar masofadan turib qulflanadi. Ularga faqat 25 yevro jarima to‘langandan so‘nggina kirish imkoniyati paydo bo‘ladi. Beblingenda esa ayrim axlat tashuvchi mashinalar yashirin noqonuniy chiqindilarni aniqlash uchun detektorlar bilan jihozlangan. Agar datchik ishga tushsa, bochkadagi axlat tashlanmaydi.

Bu vaqtda Myunxenda chiqindilarni boshqarish boshqarmasi sun’iy intellekt kamerasi bilan jihozlangan chiqindi tashuvchi mashinani sinovdan o‘tkazmoqda. U bioaxlat tarkibidagi begona jismlarni aniqlash imkonini beradi.


Avvalroq Spot Toshkentda belgilanmagan joyga chiqindi tashlayotgan qoidabuzarlarga qarshi reyd boshlangani haiqda yozgandi.

Poytaxt hokimligi huquqbuzarlarga nisbatan qonunchilik doirasida ma’muriy javobgarlik choralari ko‘rilishini ma’lum qildi.