Markaziy bank ijtimoiy tarmoqlarda to‘lov xizmatlaridagi pul o‘tkazmalari ustidan nazoratni kuchaytirish haqidagi xabarlarga izoh berdi.

Ichki nazorat qoidalarining 312-bandiga ko‘ra, 30 BHM (11,25 mln so‘m) ga teng yoki undan yuqori miqdordagi elektron pullarning ichki o‘tkazmalarini amalga oshirishda, o‘tkazma haqidagi ma’lumotlar jo‘natuvchining shaxsiy ma’lumotlari bilan birga taqdim etilishi shart.

“Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ushbu talab mijozlar uchun qo‘shimcha qiyinchiliklar tug‘dirmaydi, chunki u faqatgina to‘lov tashkilotlari va banklar o‘rtasidagi axborot almashish majburiyatiga taalluqlidir,” deyiladi xabarda.

Markaziy bank ma’lum qilishicha, ushbu talabga ko‘ra, hisobvaraq ochilganda olingan mavjud identifikatsiya ma’lumotlari BHMning 30 baravariga teng yoki undan ortiq miqdordagi ichki elektron pul o‘tkazmalariga ilova qilinishi shart.

Telegramdagi Kurbanoff.net kanali muallifi Shuhratbek Qurbonov yozishicha, hisob yoki karta ochilganda banklar mijozni aniqlash uchun zarur bo‘lgan shaxsiy ma’lumotlarni oladi.

Shuningdek, kartadan kartaga pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda, mablag‘larni jo‘natuvchi haqidagi ma’lumotlarni uzatish bo‘yicha banklar o‘rtasida axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilgan.

Uning aytishicha, nizomga 312-bandning kiritilishi “ko‘proq texnik xususiyatga ega” bo‘lib, banklar va to‘lov tashkilotlari o‘rtasida jo‘natuvchi haqidagi shaxsiy ma’lumotlarni uzatish qismida axborot almashinuvini tartibga soladi.

Qurbonov ta’kidlashicha, 30 BHMdan ortiq miqdordagi to‘lovlarni Soliq qo‘mitasi yoki Bosh prokuraturaga o‘tkazish haqida gap yo‘q. “Mijozlar uchun hech narsa o‘zgarmayd”, deya xulosa qildi u.

Nima sodir bo‘ldi?

To‘lov xizmatlari alohida turdagi operatsiyalar ustidan nazoratni kuchaytirishi belgilanmoqda. Adliya vazirligi 28-mart kuni noqonuniy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish bo‘yicha ichki nazorat qoidalariga tegishli o‘zgartirish kiritishni nazarda tutuvchi tegishli qarorni ro‘yxatdan o‘tkazdi.

Hujjat Markaziy bank boshqaruvi hamda Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tomonidan ishlab chiqilgan.

O‘zgartirishlar to‘lov tashkilotlari uchun fuqarolar tomonidan mobil ilovalar orqali akkaunt ochishda mijozlarni tekshirish choralarini ko‘rish talabini nazarda tutadi. Tovarlar va xizmatlarni yetkazib beruvchilar esa elektron terminaldan (E-POS) foydalanish uchun murojaat qilganda tekshiriladi.

Shuningdek, BHMning 30 baravari (11,25 mln so‘m) va undan ortiq miqdordagi pul o‘tkazmalarini jo‘natuvchi va oluvchilar yoki ilovada akkaunt ochmasdan BHMning 500 baravari (187,5 mln so‘m) yoki undan yuqori miqdordagi pul o‘tkazmalari amalga oshirilganda tekshirish majburiy bo‘ladi.

Elektron pul tizimlari orqali BHMning 30 baravari yoki undan yuqori summadagi ichki elektron pul o‘tkazmalari amalga oshirishda, xizmat ko‘rsatuvchi tomon hisobvaraq raqami yoki operatsiyaning xos raqamini, shuningdek, oluvchi haqidagi ma’lumotni, shu jumladan, hisobvaraq raqami yoki operatsiya identifikatorini ilova qilishi kerak bo‘ladi.

Bundan tashqari, jo‘natuvchi haqidagi quyidagi ma’lumotlar ilova qilinishi shart:

  • jismoniy shaxslar uchun — pasport yoki ID-karta, seriyasi va raqami, tug‘ilgan sanasi va joyi;
  • yuridik shaxslar uchun — nomi, soliq to‘lovchining identifikatsion raqami (STIR).

Agar oluvchining banki jo‘natuvchi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni boshqa manbalardan olish imkoniga ega bo‘lsa, jo‘natuvchining JSHSHIR, hisobvaraq raqami yoki operatsiyaning xos raqamini (identifikator) ilova qilish kifoya.

BHMning 30 baravarigacha bo‘lgan pul o‘tkazmalari esa faqat jo‘natuvchi va oluvchi haqidagi ma’lumotlar bilan birga yuborilishi mumkin.

To‘lov tizimlari, elektron pullar tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot tizimlaridagi aniqlik darajasini har bir xizmat yoki operatsiya toifasining tavakkalchilik darajasidan kelib chiqqan holda belgilashi kerak. Aniqlik darajasi operatsiya ishtirokchilari identifikatsiya ma’lumotlarining har bir elementi bo‘yicha alohida belgilanishi talab etiladi.

Avvalroq Markaziy bank omonatni yopishda mablag‘larning kelib chiqishini tasdiqlash zarurligi haqidagi xabarlarni rad etgani haqida xabar berilgandi.