Prezident tomonidan yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishda ehtiyojmand aholini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Hujjat bilan, joriy yilning 1-mayidan boshlab, ayrim fuqarolarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bazaviy me’yor doirasidagi hamda undan oshgan narxlar o‘rtasidagi farq kompensatsiya qilib beriladi.
Bu “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” orqali bolalar nafaqasi va moddiy yordam oluvchi hamda kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan, shu bilan birga, reyestrlarga kiritilmagan, biroq moddiy ahvoli yomon bo‘lgan hamda oiladagi jon boshiga daromadi minimal iste’mol xarajatlarining 1,5 barobaridan oshmaydigan oilalarga taqdim etiladi.
Ushbu tartib 2027-yilning 1-apreligacha amal qiladi. Kompensatsiya quyidagi tartibda ajratiladi:
- elektr energiyasi iste’moli uchun — oyiga ijtimoiy normadan 150 kVt soatgacha oshgan qismiga
- tabiiy gaz iste’moli uchun — isitish mavsumida oyiga bazaviy me’yordan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda oyiga bazaviy me’yordan 150 kub metrgacha ortiq foydalanilgan qismi uchun.
Shuningdek, 2025/2026 yilgi isitish mavsumida noyabr oyida ehtiyojmand aholiga 1 mln so‘mdan bir martalik moddiy yordam ajratiladi. Bu reyestrlarga kiritilgan hamda “mahalla yettiligi” xulosasi bilan reyestrlarda bo‘lmagan yordamga muhtoj oilalarga beriladi.
Bunda “mahalla yettiligi” tomonidan qo‘shimcha ro‘yxat shakllantirilishida birinchi navbatda quyidagi oilalar inobatga olinadi:
- boquvchisini yo‘qotgan;
- a’zolari I yoki II guruh nogironi bo‘lgan shaxslardan iborat oilalar;
- nogironligi bo‘lgan bolalarni parvarishlayotgan oilalar;
- uzoq muddatli davolanishni talab etadigan kasalliklar bilan kasallangan shaxslar yashovchi oilalar;
- o‘zgalar parvarishiga muhtoj bo‘lgan yolg‘iz yashovchi shaxslar hamda yolg‘iz yashovchi keksalar va nogironligi bo‘lganlar;
- uch va undan ortiq oila yashaydigan xonadonlarda hamda gaz ta’minoti bo‘lmagan va markazlashtirilgan tartibda isitilmaydigan ko‘p qavatli uylarda yashovchilar.
Qo‘shimcha ravishda shakllantiriladigan ro‘yxatdagi oilalar soni reyestrlarga kiritilgan oilalar sonining 40%idan oshmasligi lozim.
O‘tgan yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshladi. Joriy yilning 1-aprelidan elektr energiyasi va gaz uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgandi. Biroq, bu muddat ham 1-maygacha kechiktirildi.
Gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov amalga oshirilganda eski tariflar ikki oy amal qiladi. Bu fuqarolar uchun iyun oyigacha, biznes uchun may oyigacha tatbiq etiladi.
Mart oyida havo haroratining past bo‘lgani sababli prezident topshirig‘i bilan isitish mavsumi uchun joriy etilgan bazaviy me’yor 1-aprelgacha uzaytirilgandi. Apreldan boshlab gaz uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yor 100 kub metrga tushirildi.