May oyidan boshlab Afg‘onistonda Savdo-sanoat palatasining to‘rt nafar rasmiy vakili ish boshlaydi. Bu haqda palata matbuot xizmati xabar berdi.
5−8 aprel kunlari Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligidagi delegatsiya Afg‘onistonga tashrif buyurdi. Uning tarkibiga farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi va qishloq xo‘jaligi sohalarida faoliyat yuritayotgan tadbirkor va kompaniya vakillari bor. Tashrifning ilk kunida Kobulda afg‘onistonlik tadbirkorlar hamda biznes vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazildi.
Muzokaralarda Afg‘oniston bozorida farmatsevtika mahsulotlariga bo‘lgan talab, dori-darmon vositalarini reklama qilish qoidalari va huquqiy asoslari hamda mamlakat hududida mahalliy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish imkoniyatlari ko‘rib chiqildi.
6-aprel kuni delegatsiyaning Afg‘oniston Savdo vaziri Nuriddin Azizi bilan kechgan uchrashuvda tomonlar parrandachilik, to‘qimachilik sanoati kabi sohalardagi hamkorlik yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Transport va logistika tarmoqlarini rivojlantirish, tovar yetkazib berish zanjirini soddalashtirish va optimallashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Natijada savdo-sotiqda to‘siq bo‘layotgan muammolarni muntazam hal etish bo‘yicha aniq mexanizm joriy etishga kelishildi. Uning doirasida har 15 kunda mavjud to‘siq va muammolar ko‘rib chiqilib, yechimi yuzasidan to‘g‘ridan to‘g‘ri Savdo vaziriga axborot beriladi va joyida hal etiladi.
Muzokaralar va bozor tahlili natijasida 2025-yil oxirigacha ikki tomonlama eksport hajmini $2 mlrdga yetkazish uchun yetarli imkoniyat mavjudligi qayd etildi.
Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov Afg‘oniston Sog‘liqni saqlash vazirligi farmatsevtika mahsulotlarini bir martalik import qilishga ruxsat berganini, dori-darmonlarni ro‘yxatdan o‘tkazishga esa bir oyda ruxsat berilishini qayd etdi.
O‘zbekistonning Kobuldagi savdo uyi rahbari Afg‘oniston hukumati o‘zbekistonlik tadbirkorlar bilan ishlashni va mahalliy mahsulotlarni import qilish istagida ekanligini ta’kidladi.
“Boshqa bozorlar bilan solishtirganimizda, bu yerda [Afg‘onistonda] ishlash uchun juda katta imkoniyatlar bor. Tovarni olib kirasiz va pulni sanaysiz, bo‘lgani”, — dedi O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Yorqin Malikov.
Davron Vahobov mahalliy tadbirkorlarni Afg‘oniston bozorida hamkorlik qilishga chaqirib, farmatsevtika sohasi yaxshi natija berganini ta’kidladi. Ikki haftada bir marta turli soha vakillaridan iborat O‘zbekiston delegatsiyasi Afg‘onistonga tashrif buyuradi.
Joriy yilning may oyidan boshlab Afg‘oniston hududida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining 4 nafar rasmiy vakili o‘z faoliyatini boshlaydi. Qo‘shimcha ma’lumot va amaliy yordam olish uchun palataning +998 78 150 60 06 hamda +998 97 877 00 58 telefon raqamlariga murojaat qilish mumkin.
Mart oyi boshida Afg‘onistonning Mozori Sharif shahrida O‘zbekiston savdo uyi ochildi. U 220 kv.metr maydonga ega bo‘lib, elektrotexnika, qurilish materiallari va farmatsevtika mahsulotlarini saqlash va namoyish etish uchun mo‘ljallangan.
Shu oyda Kobulda O‘zbekiston qurilish materiallari savdosi uyi ochildi. U shaharning savdo markazlaridan birida joylashgan bo‘lib, maydoni 570 kv.metr bo‘lgan shourumni, 500 kv.metr mahsulot omborini o‘z ichiga oladi. Tadbirkorlar bu yerda o‘z mahsulotlarini joylashtirishi hamda mahalliy kompaniyalar bilan muzokaralar olib borishi mumkin bo‘ladi.
Avvalroq Spot O‘zbekiston Qozog‘istondan Afg‘onistonga don tranziti uchun tarifni 40% ga pasaytirgani haqida yozgandi.