Mart oyida O‘zbekistonga yengil avtomobillar importi pasayishda davom etdi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lumotlarida keltirilgan.
O‘tgan oyda $39,31 mlnlik 2 506 ta yengil avtomobil olib kelingan. 2024-yilning mart oyiga nisbatan import hajmi qiymat jihatidan 2,74 barobarga, miqdor jihatidan esa 1,67 barobarga kamaydi.
Jami 1 402 ta benzinli yengil avtomobil import qilingan — ko‘rsatkich 1,79 baravarga kamaygan. Pul ko‘rinishida import $53,4 mlndan $25,3 mlngacha (2,11 baravar kam) qisqardi. Xorijiy avtomobillarning o‘rtacha narxi qariyb 15% ga — $18,08 minggacha (QQS va bojxona to‘lovlarisiz) pasaydi.
O‘z navbatida, elektrda harakatlanuvchi yengil avtomobillar importi 1,5 barobardan ziyod — 1 689 tadan 1 104 tagacha kamaygan. Qiymat jihatidan ko‘rsatkich 3 baravarga — $13,2 mlngacha, elektromobilning o‘rtacha narxi esa taxminan ikki baravarga — $12 minggacha arzonlashdi.
Benzin va elektrda harakatlanuvchi yengil avtomobillar atigi 25 dona yetkazib berilgan (pasayish 23 barobar). Gibrid avtomobillar importining umumiy qiymati qariyb 19 barobarga kamayib, $712 mingni tashkil etdi. O‘rtacha narxi esa 22% ga — $23,3 mingdan $28,4 minggacha oshdi.
Mart oyi yakunlariga ko‘ra, IYD avtomobillarining importdagi ulushi 59,9% dan 55,95% ga, gibrid avtomobillar ulushi 13,7% dan 1% ga kamaydi. Shu bilan birga, elektromobillarning yetkazib berishdagi ulushi 40,1% dan 44,05% gacha oshdi. Shunday qilib, yangi energiya manbalarida ishlaydigan avtomobillar (NEV) umumiy importning 45% dan ortig‘ini tashkil etdi.
Bundan tashqari, ketma-ket uch oy davomida — yanvar-mart oylarida O‘zbekiston dizel dvigatelli yengil avtomobillarni import qilmadi.
Birinchi chorak yakunlariga ko‘ra, mamlakatga avtomobillar importi 3,26 barobarga — 6 794 tagacha, yetkazib berish qiymati esa 4,24 barobarga — $115 mlngacha kamaydi. Chet el avtomobillarini olib kirish tarkibi: benzinli avtomobillar (kamayish — 3,56 baravar), elektromobillar (1,94 baravar) va gibridlar (deyarli 24 baravar).
Avvalroq Leapmotor muhandislari O‘zbekistonda avtomobillarning takroriy texnik sinovlarida ishtirok etishi haqida xabar berilgandi.