Avvalroq joriy yilning 1-mayidan 2027-yil 1-aprelgacha ayrim fuqarolarga elektr va gaz to‘lovlari uchun bazaviy me’yordan oshgan qismi qoplab berilishi ma’lum qilingandi.
Ijtimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmati gaz va elektr uchun kompensatsiya qanday hisoblanishini tushuntirdi.
“Ijtimoiy himoya yagona reyestri"ga kiritilgan oilalarda nechta kishi bo‘lsa, ularning birgalikdagi oylik daromadi teng taqsimlanganda 669 ming so‘mdan kam chiqqan oilalarning xarajatlari qoplab beriladi. Kambag‘al oilalar reyestriga kiritilgan oilalarning esa bir oylik daromadi har bir a’zoga taqsimlanganida, 1,15 mln so‘mdan kam bo‘lishi kerak.
Shuningdek, kompensatsiya ikkala reyestrga ham kirmagan, ammo mol-mulki kam va oylik daromadi har bir oila a’zosiga 1 mln so‘mdan kam bo‘lganlarga to‘lanadi.
2025-yilning mart oyi holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda kam ta’minlangan oilalar soni 746 149 tani tashkil etadi.
Kompensatsiya quyidagi tartibda ajratiladi:
- elektr uchun — oyiga bazaviy me’yordan (200 kVt soatdan) ortiq foydalanilgan 150 kVt soatgacha;
- gaz uchun — isitish mavsumida bazaviy me’yordan (500 kub metr) ko‘p foydalanilgan 250 kub metrgacha, boshqa davrlarda (100 kub metr) esa 150 kub metrgacha qismiga.
Masalan, bir oila 1 oyda 350 kVt elektr energiyasidan foydalansa, uning 200 kVti uchun 600 so‘mdan to‘laydi, 201 kVtdan — 350 kVtgacha bo‘lgan 150 kVt elektr iste’moli uchun esa davlat kompensatsiya beradi.
Ilgari kompensatsiya faqat qish mavsumida — noyabr-fevral oylarida berilgan bo‘lsa, joriy yilning may oyidan boshlab har oy qoplab beriladi.
Hududlar hokimliklari Ijtimoiy himoya milliy agentligi hamda O‘zbekiston mahallalari uyushmasi bilan joriy yilning 1-oktabrigacha “mahalla yettiliklari” tomonidan mamlakat bo‘yicha har bir mahalla kesimida qo‘shimcha ro‘yxatlar shakllantirildi.
O‘tgan yilning 1-mayidan iste’molchilar ijtimoiy norma asosida haq to‘lashni boshladi. Joriy yilning 1-aprelidan elektr energiyasi va gaz uchun tariflarni yana oshirish rejalashtirilgandi. Biroq, bu muddat ham 1-maygacha kechiktirildi.
Gaz va elektr energiyasi uchun oldindan to‘lov amalga oshirilganda eski tariflar ikki oy amal qiladi. Bu fuqarolar uchun iyun oyigacha, biznes uchun may oyigacha tatbiq etiladi.
Mart oyida havo haroratining past bo‘lgani sababli prezident topshirig‘i bilan isitish mavsumi uchun joriy etilgan bazaviy me’yor 1-aprelgacha uzaytirilgandi. Apreldan boshlab gaz uchun belgilangan 500 kub metrlik bazaviy me’yor 100 kub metrga tushirildi.