O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Osiyo taraqqiyot banki (OTB) va Osiyo infratuzilma va investitsiyalar banki (OIIB) bilan Yevropaga “yashil” energiya koridori loyihasining birinchi bosqichini boshlashga kelishib oldi. Bu haqda Ozarbayjonning Report axborot agentligi xabar berdi.
4-aprel kuni Bokuda uch mamlakat energetika vazirliklari, OTB va OIIB vakillari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Hujjat uch davlat energiya tizimlarini birlashtirish va Yevropaga “yashil” energiya yetkazib berish yo‘nalishini yaratishga qaratilgan loyihaning texnik-iqtisodiy asoslarini tayyorlashda hamkorlik qilishni nazarda tutadi.
O‘zbekiston Energetika vazirligi kelishuv doirasida OTB loyihani moliyalashtirishga $1 mln ajratishini ma’lum qildi. TIAni o‘rganish jarayonida texnik yechimlar, ekologik ta’sir, xarahatlar va iqtisodiy samaradorlik tahlil qilinadi.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminovning qayd etishicha, 2030-yilga borib Markaziy Osiyoda qayta tiklanuvchi energiya manbalarining umumiy quvvati 30 GVtdan oshadi va ayrim hududlarda elektr energiyasi iste’molining o‘sish sur’ati yiliga 2−4% gacha pasayadi.
“Bu tez orada bizda ortiqcha „yashil“ elektr energiyasi paydo bo‘ladi degani”, — dedi vazir o‘rinbosari.
Mamadaminovning ta’kidlashicha, “yashil” energiya koridori loyihasi Yevropaga ortiqcha qayta tiklanuvchi elektr energiyasini eksport qilish uchun zarur bo‘lgan infratuzilmani ta’minlashga qaratilgan bo‘lib, “muammoni imkoniyatga aylantiradi.”
Ozarbayjon energetika vaziri Pyarviz Shahbazov mamlakat “yashil” energiyasining katta qismi Yevropa va Turkiyaga eksport qilinishini ta’kidladi. Ozarbayjon, Turkiya, Gruziya va Bolgariya “yashil energiya"ni uzatish va savdo qilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumini imzoladi, deya qo‘shimcha qildi u.
“Bu tashabbuslar shunchaki “yashil energiya"dan foydalanishni anglatmaydi. Ular mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlamoqda. Ruminiya, Vengriya va Bolgariya asosiy o‘yinchilardir, Gruziya, Turkiya, O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon esa “yashil energiya” eksporti uchun yangi ufqlarni ochmoqda” — dedi Ozarbayjon vaziri.
Uning qayd etishicha, bu Kaspiy dengizida shamol energetikasi infratuzilmasini rivojlantirish, uskunalar yetkazib berish, energiya savdosi va loyihalarni moliyalashtirish uchun imkoniyatlar yaratadi.
evropaga “yashil” energiya koridori
2023-yilning noyabr oyida O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon energetika vazirliklari vakillari “yashil” elektr energiyasini mamlakatlar hududlari orqali uchinchi davlatlar — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari iste’molchilariga yetkazib berish loyihasini muhokama qilishdi.
O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon Kaspiy dengizi bo‘ylab chuqur suv osti kabeli yotqizishni rejalashtirmoqda. Tomonlar Yevropa Ittifoqi mamlakatlariga “yashil” energiyani sotish uchun biznes modelini ishlab chiqadilar.
2024-yilning avgust oyida mamlakatlar “yashil” energiyani Yevropaga eksport qilish bo‘yicha qo‘shma korxona tashkil etishga kelishib oldilar, uning ofisi Bokuda joylashgan.
Energetika vaziri o‘rinbosari Umid Mamadaminov “Spot"ga bergan intervyusida O‘zbekiston 2030-yilda Yevropaga 10−15 mlrd kVt/soat elektr energiyasi eksport qilishi mumkinligini ma’lum qildi. Shuningdek, u TIAni ishlab chiqishga taxminan bir yarim yil kerak bo‘lishin va bu 2025-yil oxirigacha yakunlanishini ta’kidladi.
“Keyin ishlab chiqilgan TIA bo‘yicha qurilishni boshlaymiz. Bunda uzunligi 2,5 ming km kabel bo‘ladi, juda qimmat HVDC bo‘ladi (Doimiy tokning yuqori voltli liniyasi — „Spot“ izohi). Qiymatni texnik-iqtisodiy asos belgilaydi, lekin $2 mlrddan ortiqni tashkil etadi”. — deya qo‘shimcha qilgandi Mamadaminov.
“Spot” muxbirining Yevropaga eksport qilinadigan elektr energiyasi narxi haqidagi savoliga Mamadaminov narx bozor yo‘li bilan belgilanishi, lekin bir kilovatt uchun kamida 4−5 sent bo‘lishini aytdi.
Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov Yevropaga “yashil” elektr energiya eksporti mamlakat energiya tizimiga ta’sir qilmagan holda amalga oshirilishini bildirdi.
Loyiha doirasida Kaspiy dengizi tubidan, so‘ngra Ozarbayjon va Gruziya orqali, keyinroq Qora dengiz tubidan Ruminiyaga kabel yotqizish rejalashtirilgan. Loyihaning texnik-iqtisodiy asosini (TIA) ishlab chiqish uchun Italiyaning “CESI” kompaniyasi tanlangan. Hozirda kompaniya bilan TIA ishlab chiqilmoqda.
“Mazkur loyiha uchun Ustyurt hududida xorijiy investorlar ishtirokida elektr energetika tizimiga ulanmagan holda, alohida generatsiya obyektlari quriladi”, — dedi u.
2025-yilda TIA asosida hujjatlar kelishuvi, moliyaviy manbalarni hal qilish va pudratchi tashkilotlarni aniqlash amalga oshiriladi. Texnik-iqtisodiy asosda elektr energiyasini yetkazib berish hajmlari, loyihaning texnik ko‘rsatkichlari va tomonlarning ulushdorlik asosidagi ishtiroki kelishib olinadi.
Vazir Ozarbayjon va Gruziya ham o‘z elektr energiyasini eksport qilishi mumkinligini ta’kidladi. Qurilish ishlarini 2026−2027-yilda boshlash rejalashtirilgan. Loyiha 2028−2030-yilga borib ishga tushirilishi mumkin.
Avvalroq prezident qarori bilan O‘zbekiston, Qozog‘iston va Ozarbayjon o‘rtasidagi “yashil” energiya eksporti to‘g‘risidagi bitim tasdiqlangandi.