Mart oyida O‘zbekistonning oltin-valyuta zaxiralari rekord daraja — $47,85 mlrdga yetdi. Bu haqda Markaziy bank ma’lumotlarida keltirilgan.

Joriy yilning 1-aprel holatiga ko‘ra, regulyator zaxiralaridagi aktivlarning umumiy qiymati bir oyda $2,91 mlrdga yoki 6,47% ga oshdi. Natijada ko‘rsatkich joriy yilning fevral oyida o‘rnatilgan rekordni yangiladi.

Oltin zaxiralari qiymati $2 mlrddan ortiqqa — $36,88 mlrdga ko‘payib, yangi qiymat rekordini o‘rnatdi. Biroq, uning fizik hajmi 12,18 mln troy unsiya (379,45 tonna) dan 11,82 troy unsiya (367,09 tonna) ga kamaygan.

O‘tgan oyda O‘zbekistonning valyuta zaxiralari ham $883,06 mlnga oshdi. Ularning hajmi $10,41 mlrdni, shu jumladan, boshqa mamlakatlar markaziy banklari va XVJdagi hisob raqamlarida $358,98 mlnni hamda xorijiy banklarda $9,85 mlrdni tashkil etdi.

Bundan tashqari, Markaziy bank tomonidan xarid qilingan qimmatli qog‘ozlar qiymati bir oyda biroz oshib, $203,12 mlnga yetdi.

Joriy yilning fevral oyida regulyator $100 mlnlik AQSh davlat obligatsiyalarini sotib olgandi. Qimmatli qog‘ozlar hajmi ikki baravar ko‘payib, $200 mlndan oshdi, ularning oltin-valyuta zaxiralaridagi ulushi esa 0,45% gacha o‘sdi.