7-aprel kuni Shavkat Mirziyoyev Toshkentda o‘tkazilgan Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley Assambleyasida nutq so‘zladi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
181 ta milliy parlament va 15 ta mintaqaviy uyushmani birlashtirgan Ittifoq Assambleyasi ilk marta Markaziy Osiyo mintaqasida tashkil etildi. Ekologik va texnogen fojialar, iqtisodiy inqirozlar, “savdo urushlari”, terrorizm va ekstremizm tahdidlari kuchayayotgan sharoitda jahonda tinchlikni saqlash, ijtimoiy taraqqiyot va adolatni ta’minlashda parlamentlar ishtiroki va ta’sirini oshirish zarurligi qayd etildi.
Davlat rahbari Parlamentlararo Ittifoq doirasida hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan masalalarga to‘xtaldi. Xususan, iqlim o‘zgarishlariga qarshi kurashish uchun Parij bitimi doirasida va uglerod neytralligiga erishish borasida majburiyatlarni to‘liq bajarish muhimligi qayd etildi.
“Davlatlarning iqlim siyosati bo‘yicha ilg‘or tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash, qayta tiklanadigan energiya manbalari va „yashil“ texnologiyalarga o‘tishni rag‘batlantirish parlamentlarning muhim vazifasiga aylansa, albatta, salmoqli yutuqlarga erishamiz”, — dedi prezident.
Xotin-qizlar huquqlarini himoyalash, jamiyat boshqaruvida ayollar faolligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha mamlakat tashabbusi bilan ilgari surilgan BMT Bosh Assambleyasining “Osiyo xotin-qizlarining ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy-gumanitar faolligini oshirish to‘g‘risida"gi rezolyutsiyasini qo‘llab-quvvatlashga umid bildirildi.
Prezident Parlamentlararo Ittifoq tizimi doirasida Yoshlar parlamentlari global platformasini tashkil etish va uning ta’sis forumini O‘zbekistonda o‘tkazishni, joriy yil sentabr oyida mamlakatda o‘tlaziladigan kambag‘allikni qisqartirishga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada davlatlar parlamentlari vakillari ishtirokini taklif qildi.
“Sun'iy intellektdan foydalanish etikasi bo‘yicha model qonun ishlab chiqilsa, ushbu innovatsion huquqiy asos dunyo miqyosida tez rivojlanayotgan bu sohani samarali tartibga solishda barcha davlatlar uchun o‘ziga xos namuna bo‘lar edi”, — deya mamlakat yetakchisi SI sohasida tizimli hamkorlikni kuchaytirishga chaqirdi.
Taklif va tashabbuslar Assambleya yakunlari bo‘yicha qabul qilinadigan Toshkent deklaratsiyasida o‘z ifodasini topishiga ishonch bildirildi.
Yil boshida O‘zbekiston 2025-yilda sun’iy intellekt sohasidagi etika standartlarini integratsiya qilishni rejalashtirayotgani hamda innovatsion loyihalarni qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimi ishga tushirilishi ma’lum qilingandi.