Apple kompaniyasi 2027-yilda butunlay yangicha dizaynga ega bo‘lgan iPhone’ni ishlab chiqarishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri insayder Mark Gurmanga tayanib xabar berdi.
Aynan shu yili iPhone turkumining 20 yilligi nishonlanadi. Taxminlarga ko‘ra, ikki yildan so‘ng birinchi to‘liq shishadan yasalgan iPhone 19'ni ko‘rish mumkin.
Apple inqilobiy yechimlarni yubiley sanalariga qoldirishi birinchi marta emas. Masalan, iPhone’ning 10 yilligi munosabati bilan kompaniya “qosh” va FaceID yuz skaneri bilan jihozlangan birinchi smartfon — iPhone X’ni taqdim etgan edi. Bu xususiyatlar hozirgi kungacha o‘z dolzarbligini yo‘qotmagan.
Gurmanning so‘zlariga ko‘ra, Apple kelgusi yubileyda ham jamoatchilikni hayratga solmoqchi. Kompaniya hozirda metall karkassiz, butunlay shishadan yasalgan korpusli birinchi iPhone’ni ishlab chiqmoqda.
Qayd etilishicha, bunday g‘oyani ko‘p yillar oldin Jonatan Ayv ham ilgari surgan edi. Apple’ning sobiq dizayneri shishadan yasalgan yaxlit ko‘rinishli iPhone haqida orzu qilgan.
Bloomberg‘ning ta’kidlashicha, birinchi shisha iPhone ayrim foydalanuvchilarni cho‘chitishi mumkin, chunki qurilma juda nozik deb hisoblanadi. Biroq, Apple estetika va o‘z falsafasiga sodiq qolish uchun bunday murosalarga borishga tayyor bo‘lishi mumkin.
Avvalroq Spot Apple Trampning yangi bojlari tufayli iPhone, iPad, MacBook narxlarini oshirishi mumkinligi haqida yozgandi.
Birgina Xitoy bojlari Apple’ga 2025-yilda $8,5 mlrdga tushishi va kompaniya foydasini deyarli $8 mlrdga qisqartirishi mumkin.